Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’sirchan jamoatchilik nazorati muhim jarayon
23:48 / 2024-12-07

Hozirgi kunda jamoatchilik nazorati nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi globallashgan dunyoda ijtimoiy masalalarni hal qilishda jamoatchilikning rolini kuchaytirish zaruriyati sezilarli ravishda ortib bormoqda.

Ma’lumki, NNTlar faoliyatining samaradorligini oshirish, ularning ijtimoiy mas’uliyatini aniqlash va jamoatchilik bilan hamkorlikni mustahkamlash uchun ta’sirchan jamoatchilik nazorati zarur. Zero, bugun mamlakatda qabul qilinayotgan qonunlarning so‘zsiz bajarilishi, islohotlarning samarali amalga oshirilishi ham aynan jamoatchilik nazoratiga bevosita bog‘liqdir.

Yaqinda Prezidentimiz tomonidan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining  qabul qilinishi ham bu boradagi izchil siyosatning uzviy davomidir. 

Mazkur farmon bilan nodavlat notijorat tashkilotlari huquqiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi nazarda tutilgan. 

Ayniqsa, farmonga muvofiq, davlat organlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ikki oy muddatda o‘zlarining huzuridagi jamoatchilik Kengashlari faoliyatini qayta tashkil etish vazifasi yuklatilayotgani Kengashlarga nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining kiritilishi ham kelgusida jamoatchilik nazoratini yanada oshirishning muhim mezoni bo‘ladi. 

Farmonning yana bir quvonarli jihati shundaki, 2025 yil yil 1 yanvardan boshlab nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini tuzishda ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun olinadigan davlat boji miqdori 2 baravarga kamaytirilayotgani bunday tashkilotlar uchun iqtisodiy imkoniyatdir.

Bugun biz yangi taraqqiyot davridamiz. Xalqimizning dunyoqarashi o‘zgarib, jamiyatda bo‘layotgan har bir voqelikka nisbatan yurtdoshlarimiz o‘z munosabatlarini bildirmoqda. Ayniqsa, qabul qilinayotgan qonunlarning xalq muhokamasidan o‘tayotgani qonunlarning puxta ishlanishiga, har bir qatlamning manfaatlari ko‘zlanishiga zamin yaratmoqda.

Jamoatchilik nazorati jamoatchilikning nodavlat tashkilotlari faoliyatini kuzatish, baholash va ogohlantirish funksiyasini amalga oshiradi. Ushbu nazorat mexanizmi NNTlar o‘zlari e’tiborini jamoat manfaatlariga qaratgan holda faoliyat olib borishini ta’minlaydi. Shuningdek, jamoatchilik nazorati orqali NNTlar o‘zgarishlarni jadallashtirish va faoliyat samaradorligini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Joylarda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari va nodavlat notijorat tashkilotlariga ham keng imkoniyat hamda vakolatlar berilgani avvalo, davlat organlarining hisobdorligi va mas’uliyatini yanada oshirmoqda. 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugun mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan NNTlar soni 10 mingdan oshdi. AOKA xabariga ko‘ra, yurtimizda bugungi kunda 2100 dan ortiq OAV va 1200 dan ortiq faol bloger bor. Telegramm foydalanuvchilari soni 30 milliondan oshgan. Feysbukdan esa 7,6 million nafardan ziyod o‘zbekistonlik foydalanadi.

 2016 yilga nisbatan mamlakatimizdagi OAVlar soni 41 foizga oshgan. Mana shu raqamlar ham so‘z erkinligi va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi ishlarning ko‘lami yil sayin oshib borayotganidan dalolatdir.

Jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirish uchun NNTlar jamoatchilik bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatishi kerak. Ushbu hamkorlik, jamoatchilikning fikrlari va takliflarini inobatga olish, shuningdek, aniq strategik maqsadlarni belgilashga yordam beradi. NNTlar jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlash orqali o‘z faoliyatini transparentlik va ochiqlik asosida olib borishi kerak. 

Yana bir muhim jihat. Mamlakatimizda fuqarolar tashabbusli byudjetiga asos solingani yurtimiz aholisining takliflarini inobatga olishda muhim amaliyot bo‘lib, ta’mirlash, qurilish, jihozlash va boshqa sohalarda amalga oshirilgan ishlarning sifatli qabul qilinishida ham aynan fuqarolarning o‘zlari faol tashabbuskor bo‘lmoqda. Ayniqsa, yo‘l qurilishi sohasida boshqa sohalarga nisbatan jamoatchilik nazoratining kuchayish tendensiyasi kuzatilmoqda. 

Xo‘sh, bu jarayon qanday amalga oshirilmoqda? Misol uchun fuqarolar tashabbusli byudjetida mahallaning ichki ko‘chasi asfaltlashtirildi. Uning sifatli bajarilishi, ne-ne mashaqqatlar bilan ovoz to‘plab loyihada g‘olib bo‘lgan fuqarolarning o‘zlari tomonidan nazorat qilinmoqda. Bu esa qurilishning belgilangan standartlar asosida olib borilishini ta’minlamoqda.

Ijtimoiy mas’uliyat mezoni esa NNTlar uchun katta ahamiyatga ega. Ularning maqsadi nafaqat jamiyat manfaatlarini ta’minlash, balki jamiyatda ijtimoiy muammolarni hal qilishdir. Jamoatchilik nazorati ijtimoiy mas’uliyatni oshirish va NNTlarning faoliyatini samarali tashkil qilish uchun muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Jamoatchilik nazoratining ta’sirchanligi esa mas’ullarning ijtimoiy mas’uliyatini yanada oshiradi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-2023 yillarda viloyatda 6 ta holatda qurilish va ta’mirlash borasidagi sifatsiz ishlar aynan fuqarolarning e’tirozlari sabab qayta qurilgan yoki ta’mirlangan. 

Yana bir ma’lumot. Ma’lumki, bino va inshootlarga nogironligi bo‘lgan fuqarolarning erkin kirib-chiqishlarini ta’minlash maqsadida panduslar bo‘lishi shartligi ko‘rsatilgan. 2023 yilda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan xizmat ko‘rsatish, umumiy yotoqxonalar, ta’lim va tibbiyot, avtobekat, temir yo‘l va boshqa sohalarda o‘rganishlar olib borildi. Jamoatchilik monitoringi o‘tkazilgan tarmoqlarning 2 tasida panduslar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun noqulayligi aniqlanib, ular qaytadan qulay qilib barpo etilishiga erishildi. 

Darhaqiqat, amalga oshirilayotgan ishlarning ko‘lami keng bo‘lishi bilan birga hali bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ham bor. Ba’zi davlat boshqaruvi organlari xodimlarining jamoatchilik nazorati tushunchasi haqida yetarlicha bilimga ega emasligi, aksariyat hollarda ma’lumotlar olishda sun’iy to‘siqlarning kelib chiqishiga ham sabab bo‘lmoqda. Hattoki, davlat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida o‘zaro nizolarning kelib chiqish holatlari ham uchramoqda. 

Mana shunday salbiy holatlarning kelib chiqishining uch asosiy sababini ko‘rsatib o‘tish o‘rinlidir. Birinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida shaffoflik mexanizmi mukammal emas. Ikkinchidan, jamoatchilik nazoratining qoidalari va tartiblari mukammal ishlab chiqilmagan. Uchinchidan esa fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning o‘zlarida jamoatchilik nazoratining mohiyati, vositalari, usullari, shakllari, mexanizmlari to‘g‘risida zarur bilimlar mavjud emas. 

Ta’sirchan jamoatchilik nazorati nodavlat notijorat tashkilotlari hayotida yangi davrni boshlab bermoqda. Ushbu mexanizm ijtimoiy mas’uliyatni oshirish, jamoatchilik bilan samarali hamkorlik o‘rnatish va NNTlar faoliyatini transparentlashtirishga yordam beradi. NNTlar uchun jamoatchilik nazorati – bu faqat nazorat emas, balki jamiyat manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy muammolarni hal qilish va ishonchli tashkilot bo‘lish uchun muhim instrumentdir.

Jamiyatning to‘la isloh bo‘lishi, kuchli fuqarolik jamiyatining shakllanishi avvalo, ta’sirchan jamoatchilik nazoratiga bog‘liqligiga shubha yo‘q. Shunday ekan, kutilgan natijalarga erishish uchun birinchi galda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim. Jumladan:

- Jamoatchilik nazoratini mukammallashtirish: davlat organlariga jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha aniq va tushunarli yo‘riqnomalar ishlab chiqish. Bu nazoratning har bir bosqichida aniq qoidalar va mexanizmlarni belgilash orqali ularning samaradorligini oshirish imkonini beradi.

- Fuqarolarni xabardor qilish: jamoatchilik nazoratining ahamiyati va usullari haqida aholini kengaytirilgan shaklda xabardor qilish. Buni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va ma’ruzalar orqali amalga oshirish lozim.

- NNTlar va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish: nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun maxsus treninglar va seminarlar tashkil etish, ularga jamoatchilik nazoratining aniq usullari va mexanizmlari haqida bilim berish.

- Texnologiyalarning jamoatchilik nazoratidagi rolini oshirish: jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda zamonaviy axborot texnologiyalarini (masalan, mobil ilovalar, onlayn platformalar) keng ishlatish. Bu jamoatchilikning faolligi va nazorat samaradorligini oshirishga yordam beradi.

- Ijtimoiy mas’uliyatni oshirish: NNTlarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, ularning ishini ommalashtirish va transparency (oshkoralik) prinsiplarini qarorlar qabul qilishda qo‘llash. Jamoatchilik nazorati orqali bu maqsadlarga erishish uchun tashkilotlarning aniq va yetarli hisobot berishini ta’minlash.

- Fuqarolar tashabbusini rag‘batlantirish: jamoatchilik nazoratining samaradorligini oshirish maqsadida fuqarolar tashabbusini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratish. Tashabbusli fuqarolarga mukofotlar va rag‘batlarni ishlab chiqish, ularni ko‘proq faoliyatga jalb qilish.

- Nogironlar va ijtimoiy ehtiyojmandlar uchun maxsus monitoring: nogironlar va ijtimoiy ehtiyojmandlar uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ularning manfaatlarini inobatga olish. Binolarda, jamoat joylarida va transportda nogironlar uchun zarur sharoitlarni ta’minlash uchun maxsus monitoringlarni amalga oshirish.

- Ta’lim muassasalarida jamoatchilik nazoratiga oid maxsus kurslar: maktablarda va universitetlarda jamoatchilik nazoratining ahamiyatiga oid maxsus kurslar yoki modullar tashkil etish, bu orqali yoshlar o‘rtasida ijtimoiy faollik va mas’uliyat hissini rivojlantirish.

Shu tarzda jamoatchilik nazoratining samarali va ta’sirchan amalga oshirilishi, xalqimizning ijtimoiy faolligini va davlat organlarining hisobdorligini oshirish, natijada esa jamiyatning umumiy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shishga yordam beradi.

Dildora Ro‘ziyeva,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi 

Navoiy hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi.

O‘zA