Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashrifdan tashrifgacha: Xorazm viloyatida yangilanish davri boshlandi
07:58 / 2023-03-31

Xorazm – ko‘p ming yillik tarixga ega qadimiy viloyat. Bugun ko‘hna kentni tom ma’noda yoshargan va dunyoga yuz tutgan maskan desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Keyingi yillarda viloyatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohatlar natijasida uning har bir hududida yangiliklar, bunyodkorliklar va rivojlanishni ko‘rish mumkin. Ayniqsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev har safar viloyatga tashrifi davomida belgilab bergan topshiriqlari asaosida amalga oshirilayotgan ishlar Xorazmning yangi qiyofasini shakllantirmoqda. Mamlakatimizda inson qadri ulug‘langani sari voloyat ahlining o‘z turmushidan roziligi oshmoqda.

Hududdagi o‘zgarishlarni tahlillar ham izohlaydi. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot 2016 yilda  atiga 10 trillion 336 milliard 600 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakunida 31 trillion 963 milliard 100 million so‘mdan oshgan. Shu davrda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi  2 trillion 802 milliard 700 million so‘mdan, 18 trillion 325 milliard 800 million so‘mga, eksport hajmi 95 million 600 ming dollardan, 245 million 200 ming  dollarga yetdi. Viloyatda 2016 yil 12 ming 899 korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakuni bilan ularning soni 25 ming 160 tadan oshdi. Qurilish, qishloq xo‘jaligi, turizm, xizmatlar ko‘rsatish kabi tarmoqlarda ham katta hajmdagi o‘sish kuzatildi.

Uy-joy qurilishi sohasida 2016 yilda 12 ta 342 xonadonli jami  1 ming 299 ta xonadonli 85,7 ming kv. metr uy-joylar foydalanishga topshirilgan. 2022 yilda 120 ta 3 ming 427 xonadonli 243,7 ming kv. metr ko‘p qavatli, zamonaviy turar-joylar qurilib, o‘z egalariga topshirildi. Aholini ichimlik suv bilan ta’minlash darajasi 86 foizni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatgich bundan yetti yil oldin 52 foiz bo‘lgan.  

Prezidentimizning 2020 yil 12-13 mart kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida sulton Jaloliddin Manguberdi maydonini barpo qilish, uning nomiga yangi haykal o‘rnatish, bunda sultonni otda tasvirlash tashabbusi ilgari surilgan edi. Ushbu tashabbusni viloyatdagi ko‘pchilik jamoatchilik vakillari, ziyolilar ma’qul topdi.  Natijada Urganch shahrida barpo etilgan Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasi buyuk ajdodimizning qahramonligini madh etuvchi g‘urur, iftixor maskani bo‘lish bilan birga, Xorazmning kun sayin o‘zgarib, chiroy ochib borayotgan qiyofasiga yanada ko‘rk qo‘shdi. Yodgorlik majmuasida bo‘yi 25 metrni tashkil etadigan mahobatli haykal barpo etildi. Unda Jaloliddin Manguberdi tulpor jilovini mahkam tutib, el-yurt himoyasiga otlanib turgani tasvirlangan. Sultonning qat’iyatli, mag‘rur siymosida kelajakka katta ishonch bilan intilayotgan xalqimizning vatanparvarligi, bukilmas irodasi o‘z ifodasini topgan.  Majmua o‘rin olgan qariyb 8 gektar maydonda Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalarida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ushbu maydon ostidan o‘tadigan avtomobil tunneli barpo etildi. Hududga 18 mingga yaqin manzarali daraxtlar, gullar va butalar ekildi. Hozirda Jaloliddin Manguberdi haykali – Urganchning tumoriga aylangan.  

Davlatimiz rahbari 2022 yil avgust oyida  Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi poydevoriga kapsula qo‘ydi. Prezidentimiz bu loyiha bilan viloyatga oldingi tashrifi chog‘ida ham tanishgan va  uni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Ayni kunlarda bu majmua Urganch xalqaro aeroporti yaqinida, 130 gektardan ziyod hududda bunyod etilmoqda. Shaharcha markazida Xorazmiy bobomizning muazzam haykali o‘rnatiladi. Asosiysi, bu yerda Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet barpo etiladi. Uning qoshida iste’dodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab quriladi. Ularda o‘qigan yoshlar shaharchada bunyod etiladigan ilm-fan, innovatsiya va madaniyat markazlarida faoliyat ko‘rsatib, buyuk ajdodimizning an’analarini davom ettiradi. Shuningdek, bu yerda texnopark va ofislar, tibbiyot, innovatsiya va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog‘chalar, sport majmualari, avtoturargoh, savdo va maishiy binolar bo‘ladi. 5 mingta xonadonli 104 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi. Inshootlar “aqlli texnologiyalar” asosida jihozlanadi.

O‘tgan yil kuzda viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 5 million 825 ming dona manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi. Shuningdek, 24,6 gektar maydonda “Yashil bog‘” va “Yashil jamoat park”lari tashkil qilindi. Bu yil bahor mavsumida viloyat hududida 9 million 55 ming dona manzarali va mevali ko‘chatlar ekiladi. Viloyatda “Yashil hududlar” salmog‘ini oshirish maqsadida barcha tuman va shaharlarda joriy yilda jami 123 gektar maydonda “Yashil bog‘lar” hamda jami 144 gektar maydonda “Yashil jamoat parklari” tashkil etiladi. Viloyat hududida tuproq sho‘rlanish darajasi hamda yer osti suv  sathining nisbatan yuqoriligi sababli tashkil etilishi rejalashtirilayotgan “yashil maydonlar”da viloyat iqlimiga mos daraxt ko‘chatlari ekish ko‘zda tutilgan.  

Milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan mahallalarimiz go‘zal va betakror Vatanimizda tinchlik va ahillik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik makoniga aylangan. O‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan bu idoraning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida keyingi yillarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.  

Prezident tashabbusi bilan viloyatda barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara bermoqda. Buning tasdig‘ini mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish o‘rinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotgani misolida ko‘rish mumkin.  

“Mahalla raisi islohotchi – Xorazm tajribasi” yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Viloyatning 526 mahallasida  mavjud muammoli masalalar o‘rganilib, mahallalarning “o‘sish nuqtalari” belgilandi. Kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan mahallalarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari” ga kiritilgan oilalar va fuqarolar bilan ishlash tizimi orqali ishsiz aholi kasb-hunarga o‘qitilib, bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. Natijada viloyatda aholining ish  bilan ta’minlanganlik ko‘rsatgichi 2016 yilda  31 ming 600 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilda  371 ming 300 nafar aholi vakillari ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.

Xorazm viloyati xotin-qizlari uchun mo‘ljallangan “TechBika” loyihasiga start berildi. Mazkur loyiha doirasida Xorazm viloyatidagi xotin-qizlarga axborot texnologiyalari sohasining 8 ta yo‘nalishida ta’lim berish yo‘lga qo‘yildi. bugungi kunga qadar viloyatdagi Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida “TechBika” loyihasi bo‘yicha o‘qishlarda viloyatning 1 ming 500 nafarga yaqin xotin-qizlari ishtirok etgan.

Viloyatdagi har bir mahallada “oilaviy sport” ni rivojlantirish, ayollar, yoshlar va keksalarni mahalla sharoitida jismoniy chiniqtirish ishlarini samarali tashkil etish uchun qulay sharoit va infratuzilmani yaxshilash maqsadida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bugungi kunda viloyat aholisini sportga jalb qilish uchun 3 ming 762 ta sport inshootlari mavjud. Investitsiya dasturiga asosan viloyatda sport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 4 ta sport ob’ekti ya’ni Tuproqqal’a, Yangibozor va Gurlan tumanlaridagi markaziy o‘yingohlar, Xiva shahar Milliy olimpiya sport maktab-internati rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirildi. Xususan, davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Gurlan tumanida bojxona xizmati organlari ko‘magida bunyod etilgan zamonaviy Gurlan sport majmuasi qurilishiga  30 milliard  so‘mdan ortiq  mablag‘ sarflandi.  Sport zallari eng zamonaviy inventarlar bilan jihozlangan, sportchi va murabbiylar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.  Majmuada sportning erkin va yunon-rum kurashi, boks, og‘ir atletika, karate, dzyudo, kurash, mini futbol, voleybol, basketbol, yengil atletika, badminton, stol tennisi, badiiy gimnastika turlari bilan shug‘ullanish uchun sport seksiyalari faoliyat yuritadi. Natijada bu yerda bir kunda 300 nafar yoshlar sport bilan muntazam shug‘ullanishi mumkin.Shuningdek, viloyatdagi har bir mahalla hududida bugungi kunga qadar 196 ta “Workout”, 14 ta badminton, 32 ta stritbol, 294 ta sun’iy qoplamali mini-futbol maydonchalari, hamda 70,7 kilometr salomatlik va 75,8 kilometr velosiped yo‘laklari qurilib foydalanishga topshirildi.  

Xorazm viloyatida  maktabgacha ta’lim qamrovi 2016 yilda 21,6 foizni tashkil etgan. Shu sababdan mutasaddi rahbarlarga viloyatda maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar qamrovini 2022 yil yakuniga qadar

77 foizga yetkazish choralarini ko‘rish topshirig‘i berildi. Ayni damda Xorazm viloyatida jami 1  ming 700 tadan ortiq maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan 362 tasi davlat, 9 tasi xususiy, 90 tasi davlat-xususiy sherikligi asosida va 1 250 tasi oilaviy nodavlat bog‘chalardir. Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni qamrovi ayni damda 79 foizni tashkil qilmoqda.

Xorazm viloyatining asosiy drayverlaridan biri turizm tarmog‘i hisoblanadi. Davlatimiz rahbari iqtisodiyotning drayver sohalaridan biri bo‘lgan turizmni rivojlantirish istiqbollari, xorijiy va mahalliy sayyohlarni jalb qilish hamda turizm xizmatlari yo‘nalishida yangi ish o‘rinlari yaratish, hududdagi madaniy meros ob’ekti muhofazasi bo‘yicha aniq topshiriqlar bergan edi. Viloyatda turistik infratuzilmani yaxshilash maqsadida “Urganch temir yo‘l yo‘lovchi” AJ tomonidan “Andijon – Xiva –Andijon” yo‘nalishida haftasiga 2 marta, “Termiz – Qarshi – Xiva” hamda “Xiva – Qarshi –Termiz” yo‘nalishida haftasiga 1 martalik temir yo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, “Farg‘ona – Urganch –Farg‘ona” yo‘nalishida haftasiga 2 marta yo‘lovchilar uchun chipta narxining 30 foizini byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanadigan, aviaparvozlar tashkil qilingan.  

Boy tarixga ega Xiva shaharning bugungi ko‘rinishi, ochiq osmon ostidagi muzey shahar deb e’tirof etilishi ham bejiz emas, albatta. 2022 yilning iyun oyida Ozarbayjon Respublikasi Baku shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining 11-sessiyasi doirasida Xiva 2024 yil “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilindi. Topshiriqqa asosan Bog‘ot tumanidagi Qal’ajiq qal’asi atrofida arxeologik, tibbiy va ekoturizmni rivojlantirish maqsadida  bir nechta istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Natijada qal’a atrofida zamonaviy turizm infrastrukturasiga ega shaharcha bunyod bo‘ldi. Qal’a atrofidan ajratib berilgan 153 gektar  asriy qumliklar o‘rnida sayyohlar uchun milliy uslubdagi mehmonxonalar, restoran, o‘tovlar va  cho‘milish havzalari qurilib ishga tushirildi.  Dam oluvchilar uchun yopiq basseyn, sihatgoh qurilishi davom etmoqda. Ekoturizmning qum barxanlari bo‘ylab tuyada sayr qilish, sun’iy ko‘llarda baliq ovlash kabi turli yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Prezidentimizning Xorazm viloyatiga har galgi tashrifidan so‘ng barcha sohalarda mislsiz o‘zgarishlar ro‘y beradi. Albatta, bu galgi tashrif ham Xorazm tarixida yangi sahifalarni ochadi. Jumladan, davlatimiz rahbarining odamlar turmush darajasini  yanada yaxshilash, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida kelgusidagi yo‘nalishlarni belgilab berishini xorazmliklar chin qalbidan his qilmoqda.    

Ahmadjon Shokirov,  

O‘zA muxbiri