Qulay geografik muhitda joylashgan Buxoro mamlakatimizning yirik viloyatlaridan biri bo‘lib, sayyohlik salohiyati bilan muhim strategik hudud sanaladi. Turizm industriyasi yo‘nalishida viloyatimizda olib borilgan ishlar natijasi o‘laroq, 2022 yilda 89 ta 2452 o‘rinli katta-kichik yangi mehmonxonalar ishga tushirilib, ularning umumiy soni 485 taga yetdi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida Buxoroga tashrif buyuruvchilar soni 2021 yilga nisbatan 2,2 milliondan 3,5 million nafarga oshdi.
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” va “Moziyga sayohat” dasturlari doirasida Buxoro bo‘ylab 2961 ming nafar mamlakatimiz aholisining ichki turizmi tashkil qilingan bo‘lsa, yana 552,6 ming nafar xorijiy sayyohning tashrifi kuzatildi. Natijada xizmatlar eksporti hajmi 138,2 million dollarga yetdi.
2022 yilning iyun oyida ilk bor “Turkish Airlines” kompaniyasi tomonidan Istanbul-Buxoro-Istanbul yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Bu esa xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga bevosita o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Vobkent tumanidagi “Shirin” qishlog‘ida “Shirin etnoturizm” maskanini tashkil etish maqsadida 2,5 kilometr asosiy yo‘l to‘liq va 2,3 kilometr ichki yo‘l joriy ta’mirlandi. Qishloqda 1 ta “Etno turizm” markazi, 1 ta ekoturizm maskani, 13 ta o‘tov, 3 ta Wi-Fi doirasi, 6 ta hunarmandchilik ustaxonasi va 3 ta milliy choyxona tashkil etilib, 5 ta oilaviy mehmon uyida sayyohlarni qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Hududiy investitsiya dasturlari hamda tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan turizm sohasida umumiy qiymati 318,9 milliard so‘mni tashkil qilgan 19 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada 205 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.
Buxoro viloyatini iqtisodiy ko‘rsatkichlar va sohalar rivojiga ko‘ra toifalarga ajratib, 2023 yilda “aholisi to‘liq ish bilan ta’minlangan hudud” ga aylantirish maqsad qilingan. Ushbu vazifani amalga oshirish uchun Prezidentimizning “Buxoro viloyatida aholi bandligini ta’minlash va daromadini ko‘paytirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan samarali foydalanishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, Buxoro viloyatini 2023 yilda “ishsizlikdan xoli hudud” ga aylantirish maqsadida jami 250 ming nafar, shundan 121,2 ming nafar doimiy va 128,8 ming nafar mavsumiy ishlarda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq manzilli tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, eksperiment tarzida 2023 yilda viloyatning ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan 24 ta mahallalarida paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan kamida 30-50 o‘rinli tikuv-trikotaj sexlari hamda meva-sabzavotlarni qayta ishlash bo‘yicha kichik korxonalar tashkil etiladi.
Prezidentimizning 2022 yil 25 iyuldagi qaroriga asosan 2023 yilda viloyat mahallalarida sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik yo‘nalishlari bilan bir qatorda savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida 59 ta mikromarkazlar tashkil etiladi. Shu bilan birga, yangi dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun aholiga qo‘shimcha 6 108 gektar yer maydonlari ajratiladi. Mazkur vazifa va topshiriqlar ijrosini ta’minlashda deputatlar faolligi va tashabbuskorligi yanada muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 17 fevralda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida klaster rahbarlari bilan muloqotida ham bir qator dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi. Klasterlar faoliyatida muqobil energiyadan foydalanishni kengaytirish masalasi ham muhokama etildi. Agar Buxoroning iqlimi issiq ekanligini hisobga olsak, bundan foydalanib, 740 ta korxonada 22 megavattli, ijtimoiy ob’ektlar va ko‘p qavatli uylar ustida 11 megavattli quyosh panellari o‘rnatish mumkin.
Tashrif chog‘ida Buxoro viloyatida agrar va suv xo‘jaligi masalalarida suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash, innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Xalqimizning daromadini oshirish orqali kambag‘allikni yo‘q qilish, aholining xarid qobiliyatini oshirib, tadbirkorlikni rivojlantirishdan iborat bo‘lgan pirovard maqsadimizni amalga oshrishda – biz xalq vakillari – deputatlar bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Maqsud Muhammedov,
Xalq deputalari Buxoro viloyati Kengashining
agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya
bo‘yicha doimiy komissiya raisi
O‘zA