Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashrifdan so‘ng: Baxmal taraqqiyoti uchun kerakli hamkorlik
16:11 / 2025-12-22

Jizzax viloyati Baxmal tumani hokimi Aziz Ergashev Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy xizmat safari doirasida qator muhim muzokaralar o‘tkazdi.

Ushbu tashrif joriy yil dekabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida berilgan topshiriqlar, jumladan Baxmal tumanida turizmni rivojlantirish va hudud iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqish vazifalari ijrosi doirasida tashkil etildi.

Xitoy Savdo-sanoat palatasi hamkorligida uyushtirilgan tadbirda “China State Construction Engineering Corporation”, “COFCO Corporation”, “China Datang”, “SPIC”, “CPNL” kabi 20 dan ortiq yirik kompaniya va korporatsiyalar vakillari ishtirok etdi. Unda Baxmal tumanining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, qishloq xo‘jaligi va turizm sohasidagi imkoniyatlari, istiqbolli investitsiya loyihalari atroflicha taqdim qilindi.

Uchrashuvlar davomida yaylov yer maydonlaridan ilmiy yondashuv asosida samarali foydalanish, hosildorligi yuqori don-dukkakli ekinlar yetishtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan korporatsiya tashkil etish masalalari muhokama etildi.  

Shuningdek, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish, zamonaviy agrotexnologiyalar, raqamli fermerlik, urug‘chilik, chorvachilik va ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida aniq takliflar ilgari surildi.

Muzokaralarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ilg‘or texnologiya va tajribani joriy etish orqali tumanning barqaror rivojlanishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilib, tadbir ishtirokchilariga Baxmal tabiati, infra tuzilmasi, iqtisodiyoti va qishloq xo‘jaligini namoyon etuvchi video rolik ham namoyish etildi.

Shu o‘rinda mazkur muzokaralardan so‘ng Baxmal tumanining turizm salohiyati Xitoy Xalq Respublikasining yirik investorlari tomonidan yuqori baholanganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.

Ushbu xizmat safari Prezident topshiriqlarining amaliy ijrosini ta’minlash, Baxmal tumanining xalqaro iqtisodiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda hududning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratishga qaratilgan muhim qadam sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Abdujalol Qayumov (surat), O‘zA muxbiri