Joriy yil 22 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga amalga oshirgan tashrifi viloyatning sanoat, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy infratuzilmasini tubdan yangilashga xizmat qiladigan muhim strategik bosqichni boshlab berdi.
Davlat rahbari Zomin tumanida barpo etilayotgan sanoat ob’ektlari va ishlab chiqarish maydonlari bilan tanishdi. Bu tashrif viloyat sanoatini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholini kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish bo‘yicha aniq strategik vazifalarni belgilab berdi.

Zomin texnoparki hududida amalga oshirilayotgan yirik investitsiyaviy loyihalar — umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik 31 ta sanoat loyihasi mahalliy ishchi kuchiga bo‘lgan talabni keskin oshirdi. Shu ehtiyojni qoplash va yoshlarni zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlariga tayyorlash maqsadida ushbu texnoparkda qisqa muddatli malakaviy tayyorlov kurslari yo‘lga qo‘yildi.
Kurslar dual ta’lim tamoyili asosida tashkil etilgan bo‘lib, o‘quvchilar nazariy bilimlar bilan birga amaliy ko‘nikmalarga ham ega bo‘lmoqda. Ta’lim jarayonida ishtirokchilar sanoat sohalariga mos zamonaviy uskunalarda ishlash, xavfsiz mehnat uslublari va ishlab chiqarish texnologiyalarini puxta o‘zlashtirmoqda.

Bu loyiha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda boshqa mutasaddi idoralar hamkorligida amalga oshirilmoqda. Shu tariqa, mahalliy aholini kasbiy jihatdan tayyorlash, ish bilan ta’minlash va hududiy sanoatni mutaxassislar bilan band etish yaxlit tizimi shakllanmoqda.
Prezidentimiz bu boradagi ishlar muhimligini alohida ta’kidlab, malakaviy tayyorlovni yanada kengaytirish, har bir sanoat loyihasi atrofida kadrlar tayyorlashni tizimli ravishda tashkil etish zarurligini qayd etdi.
Zomin texnoparkida qurilayotgan maishiy texnika zavodi, logistika markazlari va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish loyihalarida minglab ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa tayyor mutaxassislar zaxirasini tezkor shakllantirishni taqozo etadi.
Qisqa fursat ichida amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar nafaqat ishsizlikni kamaytirish, balki kelajak sanoati uchun zarur bo‘lgan inson kapitali asoslarini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Zomin tajribasi keyinchalik mamlakatning boshqa hududlarida ham tatbiq etilishi kutilayapti.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri