Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 10 fevral kuni Jizzax viloyatida bo‘lib, hududlardagi amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, yangidan ochilgan oliy ta’lim muassasasi va ob’ektlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi hamda ular bilan muloqot qildi.
Aholi farovonligini oshirish, bandligini ta’minlash, iqtisodiyot rivojida yirik loyihalar muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari Jizzaxga tashrifi davomida aholi va tadbirkorlar bilan uchrashuvda hamda faollar bilan o‘tgan yig‘ilishda, vazirlar, mutasaddi rahbarlar zimmasiga qator topshiriq va vazifalar yukladi.

Ana shu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida respublika Qishloq xo‘jaligi vaziri A.Voitov rahbarligidagi ishchi guruh viloyatning G‘allaorol tumanida xizmat safarida bo‘ldi.

Safar davomida tumanda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni yanada takomillashtirish uchun tumandagi “Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti”da zamonaviy laboratoriya tashkil etish masalasi muhokama qilindi. A.Voitov fermer, dehqon xo‘jaliklariga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligidagi mavjud muammo va takliflarni tinglab, ularni ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlarga ko‘rsatma hamda topshiriqlarni berdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA