Ma’lumki, shu yil 23-25 yanvar kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘ldi.
Mazkur tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik va do‘stona munosabatni jadal rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ikki mamlakat manfaati uchun xizmat qiluvchi yuqori darajadagi uchrashuvlar va kelishuvlarga boy bo‘ldi. Tashrif davomida O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan bir qator hujjatlar imzolandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi yakunlaridan kelib chiquvchi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar jadal rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, ta’lim, madaniyat kabi barcha sohalarni qamrab olgan.
– Xitoy O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo‘lini va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi fraksiya rahbari Aktam Haitov. – Ushbu davlatning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritayotgan salmoqli sarmoyalari xitoylik hamkorlarning ishonchi hamda keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifi shubhasiz, har ikki davlat va ularning fuqarolari manfaatiga qaratilgan hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochadi.
Yig‘ilishda so‘z olgan fraksiya a’zolari so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar, qo‘shma korxonalar soni uch barobarga ko‘payganini, tashrif davomida erishilgan natijalar O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarida yangi sahifa ochishini alohida qayd etdi.
Muhokamalar davomida Prezidentimizning Xitoyga tashrifi yakunlaridan kelib chiqib, partiya va fraksiya oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, yig‘ilishda bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA