Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashrif davomida 23 milliard dollarlik 100 dan ortiq shartnoma imzolandi
18:00 / 2017-05-16

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi davomida umumiy qiymati 23 milliard dollardan ziyodni tashkil etgan 100 dan ortiq hujjatlar imzolandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi davomida umumiy qiymati 23 milliard dollardan ziyodni tashkil etgan 100 dan ortiq hujjatlar imzolandi.

Azim Ahmadxo‘jayev, O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi:

– O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. O‘zaro manfaatli aloqalarni barcha sohalarda ko‘rish mumkin. Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta miqdorda investitsiya kiritayotgan davlatlardan biri. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash yil sayin o‘sib bormoqda. 2016-yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil qildi.

Yana bir muhim jihatni alohida ta’kidlash lozim. Odatda mamlakatga investitsiya jalb qilishda ikkita muhim ko‘rsatkich bo‘ladi: kreditlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar. Prezidentimizning Xitoyga davlat tashrifi davomida Xitoyning turli bank va kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish bo‘yicha yirik kelishuvlarga erishildi.

Paxtani chuqur qayta ishlash, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika sohalarida ishlar boshlab yuborildi. Xitoyning yirik kompaniyalari O‘zbekistonda dori vositalari ishlab chiqarishga ham qiziqish bildirdi. Kelgusida bu yo‘nalishda ham yangi kelishuvlarga erishamiz.

Husniddin Hosilov, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bosh menejeri – bosh muhandisi:

– Temir yo‘l transporti iqtisodiyotning asosiy qon tomiri hisoblanadi. O‘zbekiston temir yo‘llari transmintaqaviy transport koridorlarining muhim bo‘g‘ini sifatida xalqaro temir yo‘llar tashuvi tizimida munosib mavqega ega. Zero, mamlakatimiz magistral temir yo‘l tarmoqlari Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni birlashtiradigan katta salohiyatga ega.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida barcha sohalar qatori transport kommunikatsiyalari yo‘nalishidagi hamkorlik ham yuksak sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Xitoyda ishlab chiqarilgan yuqori texnik ko‘rsatkichlar va qator afzalliklarga ega, zamonaviy va yuksak samarali elektrovozlarning mamlakatimizga yetkazib berilgani o‘zaro manfaatli hamkorlikka yorqin misol bo‘la oladi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida eng qisqa temir yo‘l tarmog‘ini barpo etish o‘zaro iqtisodiy va transport sohasidagi hamkorlikning dolzarb strategik yo‘nalishlaridandir. Bu Xitoyning Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlariga chiqishini ta’minlaydi. Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining barpo etilgani bu boradagi hamkorlikning yorqin ifodasidir. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va Xitoyning “China Railway Tunnel Group” kompaniyasi hamkorligida bunyod etilgan Qamchiq tunneli eng qisqa vaqtda qurib bitkazilgan ana shunday loyiha sifatida tarixga kirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi davomida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bilan XXRning yetakchi quruvchi kompaniyalari o‘rtasida samarali kelishuvlarga erishildi. Mazkur tashrif o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Ilhom Haydarov, «O‘zbekengilsanoat» AJ boshqaruvi raisi:

– Joriy yil fevral oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi. Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda bunyod etilayotgan yengil sanoat korxonasi qurilishi bilan tanishish jarayonida bu yo‘nalishdagi o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbarining Xitoyga davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakat yengil sanoat assotsiatsiyasi bilan muhim kelishuvlarga erishdik. Ular 8 yirik va istiqbolli bitimdan iborat. Mazkur hujjatlar doirasida xitoylik hamkorlar bilan yangi texnopark qurish mo‘ljallanmoqda. Yuqori texnologiyalar joriy qilinadigan loyihalar xomashyoni chuqur qayta ishlashdan tortib tayyor mahsulot tayyorlashgacha bo‘lgan jarayonni to‘la qamrab oladi. Ishlab chiqariladigan mahsulotlarning katta qismi eksportga yo‘naltiriladi.

Omon Musayev, «Ipoteka-bank» ATB boshqaruvi raisi:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi doirasida «Ipoteka-bank» va Xitoy Davlat taraqqiyot banki o‘rtasida kredit shartnomasi imzolandi.

Davlatimiz rahbari rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Bu jarayonda mamlakatimiz bank-moliya tizimi tomonidan qulay ishbilarmonlik muhitini saqlash va rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar soha taraqqiyotida yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Tadbirkorlarning yaqin va ishonchli hamkoriga aylangan bank tizimi ishbilarmonlarning ishonchini to‘la qozonishni o‘zining asosiy maqsadi, deb biladi. Ayni paytda mamlakatimiz banklari moliyaviy xizmat ko‘rsatishning barcha sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatayotgani va bank tizimini yanada rivojlantirish yo‘lida salmoqli natijalarga erishayotganini alohida qayd etish joiz.

O‘zbekiston bank tizimi doimiy ravishda nufuzli xalqaro reyting agentliklarining “barqaror” reyting darajasiga sazovor bo‘layotgani banklarimiz xalqaro mezonlarga mos ish olib borayotganligini ko‘rsatadi. Banklar barqarorligi ularning mijozlar talablari asosida zamonaviy xizmatlar sifati va ko‘lamini oshirishiga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning Xitoyga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar o‘zining yuksak samaralarini beradi.