Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashqi siyosatda davlat mustaqilligini mustahkamlash tamoyili
11:23 / 2023-03-24

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya jamoasi yurtimiz kelajagi uchun har bir vatandoshimiz 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan umumxalq Referendumida qatnashib, o‘z xohish-irodasini bildirishi zarur, deb hisoblaydi.

Xalqimiz muallifligidagi, xorijiy tajriba va xalqaro standartga tayangan Yangi Qomusimizni qabul qilishdek muhim tarixiy voqeada O‘zbekiston fuqarolari o‘z kelajagiga befarq emasliklarini namoyish etishlari darkor.

Xalqaro maydondagi ahvol, ayrim mintaqalardagi umumiy holat va davlatlararo munosabat keskinlashuvi tashqi siyosatga yangicha yondashuvni taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan Umumxalq Referendumiga qo‘yilayotgan Konsitutsiya loyihasining yangi tahririda 17-modda haqli ravishda quyidagi mazmunda o‘zgartirilgan:

– O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatning to‘la huquqli sub’ektidir. Mamlakatning tashqi siyosati inson huquqi va erkinligini hurmat qilish, davlatlarning suveren tengligi, hududiy yaxlitligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralar buzilmasligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlar ichki ishiga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umumiy e’tirof etilgan boshqa qoidalari va me’yorlariga asoslanadi.

Ya’ni, mamlakatimiz o‘z tashqi siyosatini “inson huquqi va erkinligini hurmat qilish” asosida olib borishi ta’kidlanmoqda.

Jahon uzra kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayon davom etar ekan, O‘zbekistonda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, xalqaro maydonda mamlakatimiz milliy manfaatiga mos keladigan ko‘p tomonlama izchil va faol tashqi siyosat yuritish davlatimizning mustaqilligini mustahkamlash, barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash, xalqimiz turmushini yaxshilashning zarur sharti va g‘oyat muhim vositasi hisoblanadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston diplomatiyasi oldida zamonaviy talabga javob beradigan, xalqaro maydonda mamlakatimiz milliy-davlat manfaatini mas’uliyatli va samarali himoya qiladigan yangi avlod diplomatlarini tayyorlashdek muhim vazifa turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida 2022 yil sentyabrdan faoliyatini boshlagan Diplomatik akademiyada davlatimiz tashqi siyosiy-iqtisodiy faoliyati sohasiga kasbiy malakasi yuqori, chuqur bilimga, tahliliy ko‘nikmaga ega mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Jamoa kelajak hayotimizni belgilovchi o‘ta mas’uliyatli damlar yaqin ekanini his etgan holda mamlakatimiz istiqboli uchun kuyunchak barcha fuqarolarimizni Umumxalq Referendumida faol ishtirok etishga chaqiradi.

 

O‘zA