Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashqi savdoni rivojlantirishda Jahon savdo tashkilotining o‘rni
15:29 / 2024-06-06

Mamlakatimizda tashqi savdoni yanada rivojlantirish maqsadida Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi.

JSTga a’zo bo‘lish mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda alohida ahamiyatga ega bo‘lib, xalqaro miqyosda rivojlangan davlatlar bilan hamkorlikni takomillashtirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.  

Xususan tashqi savdoni qulay sharoitda amalga oshirish, deylik, bir qator mamlakatlarda qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik mahsulotlari va kimyo sanoati mahsulotlari eksporti uchun mavjud notarif to‘siqlar olib tashlanadi. JSTga a’zo bo‘lgan barcha mamlakatlar hududidan transport vositasini o‘tkazish kafolatlanadi (tranzit o‘tish imkoniyati kengayadi). JSTga a’zo mamlakatlar hududi orqali dengiz va okeanga chiqish osonlashadi. Bojxona, tarif, soliq va valyuta siyosatining xalqaro talablar asosida iqtisodiy integratsiyaga to‘sqinlik qiluvchi muammolar bartaraf etiladi.  

Mana shu imkoniyatlarning barchasi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni xalqaro bozorga olib chiqish jarayonini yaxshilaydi. JSTga a’zo mamlakatlar bilan savdoning ortib borishi eksport daromadlarining ortib borishiga ham imkoniyat yaratadi. Shuningdek, katta hajmda chet el investitsiyalarini jalb etish, turli ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish hamda aholi bandligini (ishlab chiqarish yoki sanoatning boshqa serdaromad sohalarida) yuqori darajaga ko‘tarishni kafolatlaydi. JSTga a’zo bo‘lish orqali iste’molchilarni noqonuniy sotilayotgan sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish uchun sharoit yaratiladi.  

Shu bilan birga, JSTga a’zo bo‘lish tegishli me’yoriy tartiblarga rioya qilishni talab etgani sababidan muayyan mamlakatlar uchun xalqaro iqtisodiy munosabatlarda ayrim qiyinchiliklarni ham tug‘diradi.  

O‘zbekistonning JST va xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvi barqaror va oldindan rejalashtirilgan taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish imkonini yaratadi. JSTga a’zo boshqa davlatlarning O‘zbekiston eksport qilayotgan tovar va xizmatlarga kamsituvchi (diskriminatsion) munosabatda bo‘lmasligini kafolatlaydi. Bu esa mamlakatimizga o‘zining eksport salohiyatini to‘laroq ro‘yobga chiqarishiga zamin tayyorlaydi.  

JSTga kirish uchun yangi tahrirda Bojxona kodeksi qabul qilindi. Davlat bojxona xizmati to‘g‘risidagi qonun va boshqa bir qator me’yoriy hujjatlar xalqaro norma talablari darajasiga yetkazildi.    

JSTga a’zo bo‘layotgan davlat quyidagi to‘rtta asosiy bosqichdan o‘tishi zarur.  

1-bosqich: savdo va iqtisodiy masalalarga aloqador qonun va qoidalarning amaliyotda ishlashi va bu borada olib borilayotgan siyosat to‘liq aks ettirilgan «Tashqi iqtisodiy rejim to‘g‘risidagi memorandum»ni JSTga taqdim etish talab qilinadi. Memorandum JSTning Ishchi guruhi tomonidan qo‘shilayotgan davlatning siyosati va me’yoriy hujjatlarini JST kelishuvlari talablariga javob berish-bermasligi to‘g‘risida xulosa chiqarish uchun foydalaniladi. Mazkur bosqichning davomiyligi taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘liqligi, haqqoniyligi, sifati va Ishchi guruh savollariga berilgan javoblarga bog‘liq bo‘lishi mumkin.  

2-bosqich: Ishchi guruh qo‘shilayotgan davlatning tashqi iqtisodiy faoliyati xususida biron xulosaga kelgandan so‘ng, qo‘shilayotgan davlat va boshqa istalgan manfaatdor taraf o‘rtasida ikki taraflama muzokaralar boshlanadi. Mazkur muzokaralar tarif stavkalari, ichki bozorga chet tovarlarining kirib kelishiga imkoniyat yaratish va boshqa shu kabi masalalarni o‘rganadi. Lekin mazkur muzokaralar ikki taraflama bo‘lishiga qaramasdan, ularning natijasida qo‘shilayotgan davlat o‘z zimmasiga olgan majburiyatlar kamsitmaslik prinsipiga muvofiq JSTning boshqa davlatlari uchun ham avtomatik tarzda amal qilib, bu ikki taraflama muzokaralar natijasidan JSTning barcha boshqa a’zo davlatlari ham foydalanadi. Shu sababli mazkur muzokaralar nihoyatda ahamiyatli bo‘lib, ularni olib borishda yetarlicha murakkabliklarga duch kelinadi. 

3-bosqich: a’zolik shartlari kelishiladi. Ya’ni Ishchi guruh dalillarni aniqlash jarayonini va qo‘shilayotgan davlatning qonunchiligi, olib borilayotgan siyosatini ekspertizadan o‘tkazishni yakunlab, ikki taraflama muzokaralar o‘z nihoyasiga yetganidan keyin, Ishchi guruh qo‘shilayotgan tarafning qo‘shilish shartlari loyihasini ishlab chiqadi. Mazkur shartlar Ishchi guruh hisobotida, JSTga qo‘shilish kelishuvi loyihasida («qo‘shilish to‘g‘risida bayonnoma») va qo‘shilayotgan tarafning majburiyatlari ro‘yxatida o‘z aksini topadi.  

4-bosqich: Ishchi guruhning hisoboti, bayonnoma va majburiyatlar ro‘yxatidan iborat yakuniy hujjatlar to‘plami JSTning Bosh kengashiga taqdim etiladi. Agar qo‘shilishga umumiy ovozlar sonining 2/3 qismi ovoz bersa, qo‘shilayotgan taraf bayonnomaga imzo chekib, tashkilotga qo‘shilishga haqli bo‘ladi. Qo‘shilayotgan davlatning ichki qonunchiligidan kelib chiqqan holda ayrim hollarda Kelishuv ratifikatsiya qilinishi ham talab etiladi.  

 

Qurbonqul Karimqulov,  

Bojxona instituti professori,  

texnika fanlari doktori.