Tashqi savdo munosabatlari kengaymoqda
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida O‘zbekiston-Shveytsariya Savdo -sanoat palatasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida O‘zbekiston-Shveytsariya Savdo -sanoat palatasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi direktori vazifasini bajaruvchi J.Mustafoyev bugun mamlakatimizda xususiy sektor mahsulotlari va xizmatlarini ichki va tashqi bozorga chiqarish har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, sohaga chet el investitsiyalari hamda yangi texnologiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi.
Joriy yilning birinchi choragida jamg‘arma tomonidan 920 tadbirkorlik subyektiga mahsulot va xizmatlar eksport qilishda tashkiliy, huquqiy va moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Buning samarasida qiymati 220 million AQSh dollari bo‘lgan shartnomalar imzolandi. Mamlakatimizning 90 korxonasi jamg‘arma ko‘magida xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro ko‘rgazma-savdolar, biznes-forum va kooperatsiya birjalarida ishtirok etdi.
Jamg‘arma dunyo bozoridagi talablarni o‘rganish va ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlarimiz sifatini oshirish maqsadida Yevropa, MDH mamlakatlari, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Singapur va boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilmoqda.
O‘zbekiston Shveytsariyaga paxta tolasi, yog‘och massasi, dori preparatlari va xizmatlar eksport qilmoqda. Mamlakatimizga Shveytsariyadan to‘qimachilik tovarlari, presslash va yanchish asbob-uskunalari, farmatsevtika va kimyoviy preparatlar keltirilmoqda.
O‘zbekistonda shveytsariyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan 77 kompaniya faoliyat yuritayotir. Ulardan 55 tasi qo‘shma va 22 tasi to‘liq chet el kapitali ishtirokida tashkil qilingan korxonalardir. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida Shveytsariyaning farmatsevtika, kimyo, oziq-ovqat va mashinasozlik tarmoqlari, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarining 29 vakolatxonasi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
O‘zbekiston-Shveytsariya Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Xayns Vissling palataning asosiy vazifasi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi iqtisodiy, texnologik, sanoat va investitsiyaviy aloqalarni har tomonlama rivojlantirishdan iborat ekanini ta’kidladi.
– O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida yaratilayotgan imkoniyatlar delegatsiyamiz a’zolarida katta taassurot qoldirdi, – deydi X.Vissling. – Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida ulkan imkoniyatlar mavjud.