Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Qashqadaryo viloyati filiali xodimlari tomonidan statistik ma’lumotlardan foydalanib Surxondaryo viloyatining 2022 yil yakunlari bo‘yicha tashqi savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.
O‘tgan yil holatiga ko‘ra, viloyatning tashqi savdo aylanmasi 372,8 million AQSH dollarni tashkil qilib 2021 yilga nisbatan 15,8 foizga kamaydi. Tashqi savdoda eksportning ulushi 61,1 foiz (2021 yilga nisbatan 96,8 foiz)ni, import esa 38,9 foiz(70,1foiz)ni tashkil etgan.
Surxondaryo viloyati jahonning 60 ta mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Tashqi savdo aylanmasining asosiy qismi Xitoy (20,7 foiz), Rossiya (19,6 foiz), Pokiston (18,7 foiz), Qozog‘iston (13,4 foiz), Turkiya (6 foiz), Afg‘oniston (5 foiz), Qirg‘iziston (2,5 foiz), Eron (1,7 foiz) va Germaniya (1,2 foiz) davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tashqi savdo aylanmasini tuman, shaharlar kesimida solishtirganda eng yuqori ulush Denov tumani (jami savdo aylanmasining 15,5 foizi), eng past ulush esa Bandixon tumani (1,6 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Tahlil qilinayotgan davr mobaynida viloyatdagi eksportyorlar soni 287 tani tashkil qilib, ular tomonidan 227,6 million AQSH dollarlik tovar va xizmatlar eksport qilindi. Eksport tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari – 55,4 foiz, sanoat mahsulotlari – 35,2 foiz, nooziq-ovqat xomashyolar (yoqilg‘idan tashqari) – 4,8 foiz, xizmatlar – 2,1 foiz, tayyor buyumlar – 1,7 foizni tashkil etgan.
Eksport bo‘yicha asosiy hamkor davlatlar tarkibida Pokiston (20,8 foiz), Xitoy (20,1 foiz), Qozog‘iston (16,9 foiz), Rossiya (13,9 foiz) davlatlari asosiy yetakchi o‘rinda turibdi.
Import hajmi 145,2 million AQSH dollarni tashkil qilgan. Import tarkibida sanoat tovarlari – 38,9 foiz, mashina va transport asbob-uskunalari – 29,7 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar – 23 foiz, kimyoviy vositalar – 3,6 foiz, tayyor buyumlar – 3 foizni tashkil qilgan.
Tahlil qilinayotgan davrda Surxondaryo viloyatiga dunyoning 46 ta davlatidan tovar va xizmatlar import qilingan. Importning uchdan bir qismi Rossiya, Xitoy, Pokiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya Hindiston davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Import tarkibida eng yuqori ulushni Sariosiyo tumani (25,3 foiz), eng past ulushni esa Bandixon tumani (0,6 foiz) tashkil etgan.
B.MELIQULOVA,
O‘zA