Tashqi reklama ob’ektlari shahar ko‘chalari va jamoat joylarida joylashtiriladigan, fuqarolar e’tiborini tortadigan va ma’lumot uzatishda samarali vosita sifatida xizmat qiladi. Ushbu soha nafaqat axborot tarqatish, balki tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va shahar estetikasiga ta’sir ko‘rsatish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois, tashqi reklama sohasidagi huquqiy asoslar, joylashtirish tartibi va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi “Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi” davlat muassasasi tashabbusi bilan Toshkent shahar hokimligi hamkorligida yo‘nalishlar bo‘yicha tashqi reklama va axborot ob’ektlarini o‘rnatgan tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda tashqi reklama va axborot ob’ektlari xavfsizlik talablariga muvofiqligini ta’minlash va ular ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, sohada tizimli ishlar olib borilayotgani qayd etildi.

Uchrashuv doirasida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Tashqi reklama ob’ektlari xavfsizligining umumiy texnik reglamenti” talablari keng tushuntirildi.

Uchrashuv davomida tashqi reklama ob’ektlarini joylashtirishda uchrayotgan muammolar, tadbirkorlar uchun yengilliklar yaratish, huquqiy va ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tadbir ishtirokchilarining fikricha, bunday muloqotlar sohada amaliy yechimlar ishlab chiqish va davlat hamda xususiy sektor o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA