French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashqi reklama va yozuvlar qonun talablariga mos bo‘lishi darkor
10:53 / 2021-04-05

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirg‘izboyev boshchiligidagi ishchi guruhi Buxoro viloyatida O‘zbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida" va "Reklama to‘g‘risida"gi qonunlarning ijrosini o‘rgandi.

Prezidentimizning 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yuzasidan shahar va tumanlarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi.

Ishchi guruhi Olot, Qorako‘l, Jondor tumanlaridagi jamoat joylari, ko‘chalar, shuningdek binolar peshtoqidagi turli lavha va reklamalarning qonun talablariga muvofiqlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qildi. Tashqi reklama sohasida qonunlar buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

Buxoro davlat universitetida viloyatdagi barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan, peshlavhalar, reklama va e’lonlar, ko‘rgazmali boshqa axborot matnlarining Davlat tilida bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Respublika ishchi guruhi a’zolari, viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari, soha mutaxassislari, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining viloyat, shahar va tumanlardagi mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirg‘izboyev mazkur masalada viloyatda amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.  

Ta’kidlanishicha, viloyatda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi yuzasidan  viloyatda ma’lum ishlar amalga oshirilmoqda.

Tashqi yozuvlarni qaror talablariga muvofiqlashtirish hamda ushbu yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tomonidan barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan, peshlavhalar, reklama va e’lonlar, ko‘rgazmali boshqa axborot matnlarining Davlat tilida bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha muayyan ishlar qilinmoqda.  

[gallery-1890]

Viloyatda savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, tashkilotlar va muassasalarda, shuningdek, bino va inshootlarda, jamoat joylaridagi nomlavha, banner va yozuvlar, reklama va axborot-ko‘rgazmali matnlarni “Davlat tili haqida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga muvofiqligini ta’minlash uchun shahar, tumanlarda davlat soliq inspeksiyalari, monopoliyaga qarshi kurashish, xalq ta’limi boshqarmalari, oliy ta’lim muassasalari, yoshlar ishlari agentligi, yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi vakillaridan iborat ishchi guruhlari tashkil etildi. Ishchi guruhlar tomonidan  amalga oshirilgan ishlar jarayonida shahar, tumanlarda 2 ming 451 ta tashqi yozuvlar tahlil etildi. Shundan mazkur qonunlar talablariga zid 913 ta tashqi yozuvlar aniqlandi. Tadbir davomida 540 tasiga o‘zgartirishlar kiritildi. 373 ta sub’ektlarga o‘zgartirish haqida  tavsiyalar berilib, muddat belgilandi.  

Viloyat markazining Eski shahar qismidagi “Orom” mehmonxonasi hududida shahar va tumanlardan 500 dan ortiq tadbirkorlar, shuningdek, tashqi reklama ishlab chiqaruvchilarni jalb etgan holda targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Ishtirokchilarga mazkur qonunlar talablari tushuntirilib, tavsiyanomalar tarqatildi.

Viloyatda o‘zgartirilishi lozim bo‘lgan 2 ming 213 ta tashqi yozuvlardan 1 ming 460 tasiga o‘zgartirishlar kiritilgan. Bu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.  

Tahliliy-tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda soha mutaxassislariga aniq topshiriqlar berildi. Kelgusida mazkur masalada qonunlar buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan aniq vazifalar yuklandi.  

 

Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA