Surxondaryo viloyatida “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ijrosi o‘rganilmoqda.
Mamlakatimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani ham mustaqillikning buyuk sharofatidir. Bundan 36 yil muqaddam qabul qilingan bu qaror xalqimiz tarixidagi buyuk voqea va konstitutsiyaviy mustaqillik yo‘lidagi ilk huquqiy qadam bo‘lgan.Bu maqom ona tilimizni yanada rivojlantirib, o‘zbek tilining sofligini saqlash, mustahkamligini oshirishga katta imkoniyat yaratdi. Ammo ayni paytda joylarda idora va tashkilotlar reklama bannerlari, peshlavhalar va e’lonlarni tayyorlashda o‘zbek tilining me’yor talablariga rioya etishda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgani ham kuzatilmoqda.
[gallery-24867]
Tumanlardagi ishchi guruhlar joylarda bo‘lib, tadbirkorlarning tashqi reklamalari konstruksiyalari va targ‘ibot vositalarining o‘rnatilishi, mazmuni hamda qonun talablariga mosligini ko‘zdan kechirmoqda.
Sariosiyo tumanidagi ishchi guruh a’zolari o‘rganishlarni tuman markazidagi Abdulla Qahhor ko‘chasidan boshladi. Markaziy ko‘chada joylashgan tadbirkorlik sub’ektlarining tashqi reklamalar konstruksiyalari va targ‘ibot vositalarining tashqi yozuv, reklama va peshlavhalarida qator kamchiliklar mavjudligi aniqlanib, xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchalari mutasaddilariga ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Ishchi guruh a’zolari bir yo‘la korxona va tashkilotlarda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritish holatlarini ham o‘rganib, tahlil qilmoqda. Qonun hujjatlari talablariga rioya etilishida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar joyida bartaraf etilib, mas’ul xodimlar ogohlantirilmoqda. Shuningdek, barcha turdagi yozuvlarni davlat tili qoida va talablariga muvofiqlashtirishning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati to‘g‘risida tushuntirishlar berilmoqda.
Viloyatdagi mahalla, tashkilot, korxona, muassasa va ko‘chalarda o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri