Davlatimiz rahbarining farmoni bilan qabul qilingan «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida barcha soha va yo‘nalishlardagi maqsadlar, vazifalar, dolzarb chora-tadbirlar belgilab berildi. Ushbu vazifalar keng ko‘lamdagi islohotlar ijrosini samarali tashkil etish hamda taraqqiyotimizning yangi bosqichini ta’minlashga xizmat qiladi.
Xususan, davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda birdamlikni ta’minlash orqali uni yuksaltirish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturida parlamentning tashqi qarzni boshqarish sohasidagi vakolatlarini kengaytirish masalasi o‘z aksini topgan.
Unga ko‘ra, davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini ma’qullashni Oliy Majlis palatalari vakolatiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Bu orqali davlat tashqi qarzini boshqarish ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsad qilingan.
Ta’kidlash lozimki, davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini hal etish Hukumatdan Oliy Majlis palatalariga o‘tkazilishi bu yo‘nalishda parlament nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi. Xalq vakili sifatida saylangan deputatlarning bu jarayondagi ishtiroki kengayadi, takliflari tinglanadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA