Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashqi qarz bilan bog‘liq loyihalar deputatlar nazoratida
18:48 / 2021-05-20

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab deputatlar davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilayotgan loyihalarning holatini muhokama qildi.

bugungi kunda O‘zbekistonning davlat qarzi jami 23,3 milliard AQSH dollari ekvivalentida, ya’ni YAIMning 40 foiziga yetgan. Xususan, bu mablag‘larning 21 milliard AQSH dollari yoki YAIMning 36,5 foizga teng qismi davlat tashqi qarzini tashkil qiladi.

Tashqi qarzning bu ko‘rsatkichlari dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston uchun xatarli hisoblanmaydi.

Tashqi qarz mablag‘larining xalq farovonligi uchun xizmat qilishini ta’minlashda uning qaysi maqsadlarga va loyihalarga yo‘naltirilishi muhim hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, deputatlar har bir loyihaning iqtisodiy samaradorligi va natijadorligini nazorat qilish, ko‘zlangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish hamda qarz mablag‘larini qaytarishda loyiha tashabbuskorlarining mas’uliyatini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratishdi. Bu borada oqsoqlikka yo‘l qo‘yilayotgan loyihalar yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarning axboroti eshitildi.

Deputatlar Jahon bankining 100 million AQSH dollari miqdoridagi kredit hamda 24,1 million AQSH dollari miqdoridagi davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga 2019-2021 yillarda amalga oshirilayotgan «O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish» investitsiya loyihasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi axboroti va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hisobotini eshitdi.

Hisob palatasining axborotida qayd etilishicha, loyihani amalga oshirish davrida joriy yilning 1 mart holatiga 944,8 ming AQSH dollari yoki jami ajratilgan mablag‘larning 1 foizdan kam miqdoridagi qarz mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Shu bilan birga, loyiha samarali boshqarilmagani va ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani tufayli 23 ta holatda 439,7 ming AQSH dollari ekvivalentdagi moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.

Aniqlanishicha, loyihani amalga oshirish guruhining faoliyati samarali tashkil etilmagan. Ya’ni guruhda bajarilgan amaliy ishlar yuzasidan davriy so‘rov tizimi yaratilmagan va ularning samarali ko‘rsatkichlari belgilanmagan.

Guruhda vazifalari bir-birini takrorlovchi lavozimlar joriy qilingan, mehnat shartnomasi tuzilmagan va shtatda bo‘lmagan shaxslarga ish haqi hisoblanib, mablag‘lar to‘langan.

Shuningdek, «yo‘l xaritasi» bo‘yicha muddati kelgan 128 ta tadbirning 67 tasi ijro etilmagan. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 9 yanvardagi qarori bilan loyiha doirasida 2020 yilda 5 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtirilishi belgilangan bo‘lsada, haqiqatda 2020 yilda 789,3 ming AQSH dollari yoki 6,3 barobar kam miqdorda qarz mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Loyiha doirasida Kogon shahrida Amir saroyi va madaniy meros binolarini restavratsiya qilish, Kogon-Buxoro sayyohlik avtobus yo‘nalishini tashkil qilish uchun uskunalarni yetkazib berish, Chortoq tumani, Kogon va Yangiyo‘l shaharlarida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanmagan. Bu kabi holatlar deputatlarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Ularni o‘z vaqtida samarali amalga oshirish bo‘yicha amaliy takliflar berildi.

Yig‘ilishda deputatlar tomonidan tashqi qarz hisobiga amalga oshirilayotgan «O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish» investitsiya loyihasida aniqlangan holatlar keskin tanqid qilindi. Xususan, deputatlar mazkur loyihada belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan Chortoq tumani, Kogon va Yangiyo‘l shaharlari hokimliklarining hisobotlarini tingladi.

N.Nasriyev, O‘zA