Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashqi mehnat migratsiyasiga oid qonunchilik takomillashtirilmoqda
18:12 / 2025-06-19

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonun O‘zbekiston fuqarolarining xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishi va chet el fuqarolarining mamlakatda mehnat faoliyatini amalga oshirishi bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Aytib o‘tish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilgan ma’muriy islohotlar natijasida mazkur sohani boshqarish tizimida qator o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Jumladan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tugatilib, uning barcha vazifalari va huquqiy majburiyatlari Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan Migratsiya agentligiga o‘tkazilgani qonun normalarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etdi. 

Muhokama davomida qonunning bir qancha moddalaridagi vakolatlar, monitoring tizimlari, fuqarolarni vatanga qaytarish mexanizmi va mehnat faoliyatiga ruxsat berish tartibidagi huquqiy ziddiyatlar hamda nomuvofiqlik holatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Senatorlar tomonidan qonunning ayrim normalari bugungi kundagi islohotlar natijasida o‘z dolzarbligini yo‘qotganligi sababli “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunning davlat organlari, shu jumladan, maxsus vakolatli organga doir moddalarini qayta ko‘rib chiqish va maromiga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Senatorlar, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining doimiy komissiyalari a’zolari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining vakillari, Migratsiya agentligi mutaxassislari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan majlis yakunida tegishli qaror qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA