Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashqi mehnat migratsiyasi sohasida so‘nggi yetti yillik islohotlar: natija qanday?
18:58 / 2023-07-24

Mamlakatimizda joriy etilayotgan xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish, huquq-manfaatlarini himoya qilish, zarur ijtimoiy, axborot-maslahat yordamini ko‘rsatish, ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Chet elda mehnat migrantlarini huquqiy himoya qilish ko‘lamini oshirish, ish joylaridagi muammolarni tizimli ravishda o‘rganish va hal qilish bo‘yicha zarur amaliy yordam ko‘rsatish, O‘zbekistondagi islohotlar va ijobiy o‘zgarishlar to‘g‘risida xabardor qilib borish zarurati sezilyapti, deyish mumkin.

Shu bois, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash tizimini kengaytirish maqsadida qator qaror va farmonlar qabul qilinmoqda.

Jumladan, "Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qarorida tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yurtdoshlarimizni tashkillashtirilgan tarzda yig‘ish yuzasidan xalqaro shartnomalar tuzish, ularning respublika tashqarisida ish joylariga xavfsiz tarzda yetib borishini ta’minlash kabi muhim vazifalar yotibdi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Samarali migratsiya siyosati: xorijdagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash" mavzusidagi sessiyada sohada amalga oshirilayotgan muhim chora-tadbirlar xususida so‘z boradi. Qolaversa, so‘nggi yetti yil ichida mehnat migrantlari huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat migratsiyasini qonuniy va tartibli tashkil etishda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Sohada amalga oshirilgan islohotlar...

Ma’lum bo‘lishicha, mamlakatga qaytib kelgan va ijtimoiy nochor muhojirlarga kvotalangan ish o‘rinlari nazarda tutilgan. Ularning bandligiga ko‘maklashish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi vositalari hisobidan subsidiya va grantlar shaklida moliyaviy yordam berish xizmati ham joriy etilgan.

So‘nggi yetti yilda tashqi mehnat migratsiyasi sohasini takomillashtirish maqsadida respublikamizda yuridik shaxslarga O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish, ularning kasbiy malakasini va xorijiy tillarni bilish darajasini tasdiqlash faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berildi. Mehnat migrantlarini kasbga va chet tillarga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi ham tashkil etilgan. Xorijga yo‘l olgan mehnat migrantlariga ketish va ishga joylashish xarajatlarini qoplash uchun mikro-qarz berish, hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofoti summasini qoplash uchun subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya, Koreya, Turkiya va Qozog‘istonda 19 ta vakolatxonasi hamda vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz, ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilgan.

Mazkur sohani rivojlantirishning eng muhim omillardan biri — “Mehnat migratsiyasi bo‘yicha xalqaro forum” o‘tkazish amaliyoti joriy etildi.

Natija qanday?

Rossiya, Koreya, Isroil, BAA, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Qozog‘iston davlatlari, Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hukumatlararo 11 ta hamda Rossiya, Koreya, Yaponiya va Isroil davlatlari bilan idoralararo 11 ta bitim tuzildi.

32 ta xorijiy davlatning 536 ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish bo‘yicha shartnoma, yettita xorijiy davlatning vakolatli tashkilotlari bilan 27 ta memorandum imzolandi.

Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish istagida bo‘lgan 131,3 ming nafardan ziyod fuqaro kasb-hunarga va chet tillarida o‘qishga jalb qilindi.

Xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning 593,7 ming nafariga turli imtiyozli xizmatlar ko‘rsatilgan. 

Jumladan: subsidiya hisobiga 324 ming fuqaroning, imtiyozli narxlarda 80,3 ming fuqaroning hayoti va sog‘lig‘i sug‘urta qilindi.

Xorijga ketish va ishga joylashish hujjatlarini rasmiylashtirish xarajatlari uchun 7 728 nafar fuqaroga mikroqarz ajratildi. Shu vaqtga qadar Rossiyada ishlash huquqini beruvchi ruxsatnoma uchun Moskva shahridagi “Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi” va “Pasport-viza xizmati” markazlari tomonidan 10 869 nafar fuqaroning hujjati O‘zbekistonda rasmiylashtirildi.

Ish beruvchilardan mehnat migrantlarining ish haqi, kompensatsiya va sug‘urta pullari undirib berilgan. Shuningdek, 806,6 ming nafar fuqaroga diplomatik vakolatxonalar, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining “Call-markazi”, filiallari, vakolatxonalari tomonidan axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatilgan.

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi