So‘nggi vaqtda ijtimoiy tarmoqda Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik migrantlar Rossiya tomonidan urushga jalb etilayotgani to‘g‘risida turli xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holatga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassislari munosabat bildirdi.
- Joriy yil fevral oyida Rossiya va Ukraina o‘rtasida harbiy harakat boshlangandan buyon shu ikki davlat hududida bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz masalasi ko‘p muhokama qilinmoqda, - deydi agentlik matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov. - Bu tabiiy, chunki migrantlarimizning aksariyati Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshiradi.
Ma’lumotga ko‘ra, Rossiyada 1 milliondan ziyod o‘zbek mehnat migranti mavjud. Ushbu davlatlardagi yurtdoshlarimiz harbiy harakatga aralashmaslik, nizoli hududga bormaslik yuzasidan muntazam ogohlantirilmoqda. Bu borada doimiy targ‘ibot olib borilyapti.
Hozirgacha xorijda ishlayotganlarning 183 ming nafari axborot-maslahat xizmati, 6 063 nafari huquqiy yordam olgan. Xususan, Agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan 3 080 mehnat migrantiga huquqiy yordam, 14 396 nafariga axborot-maslahat xizmati ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi M.Xayriddinov boshchiligidagi delegatsiya 18-29 aprel, 13-26 iyun, 12-22 iyul va 15-28 avgust kunlari Rossiya Federatsiyasiga bordi. Safar davomida turli hududlarda uchrashuv o‘tkazildi. Fuqarolarimizning yashash va mehnat faoliyati sharoiti bilan tanishildi, mavjud muammolar o‘rganildi. Migrantlarga qulaylik yaratish, shartnoma asosida mehnat munosabatini tartibga solish bo‘yicha ish beruvchilar bilan muloqot olib borildi.
Afsuski, olib borilgan targ‘ibot ishlariga qaramay, ijtimoiy tarmoqda u yoki bu tomonni qo‘llab-quvvatlash, harakatga yoki ishga da’vat qilish, hatto, harbiy amaliyotda ishtirok etish holatlari haqida ba’zi xabarlar paydo bo‘lmoqda. Bu juda achinarli holat, albatta.
To‘g‘ri, hozirga qadar nizoli hududga ishga taklif qilish holati bo‘yicha agentlikka murojaat kelib tushmagan, biroq Rossiyada yurgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga shunday mazmundagi takliflar bildirilgan. Tabiiyki, bunday taklif rad etiladi.
Aytish joiz, maqsadidan qat’i nazar, harbiy harakatda ishtirok etmaslik, katta maosh evaziga ishlash uchun ushbu hududlarga bormaslik, ayni qarorlarning oqibati yaxshilikka olib kelmasligi bo‘yicha fuqarolarimiz Agentlik axborot kanallari va boshqa OAV orqali va migrantlar bilan uchrashuvlar chog‘ida takror-takror ogohlantirilmoqda.
To‘g‘ri, agentlik ayni holatda O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan huquqiy chora ko‘rish vakolatiga ega emas. Binobarin, hamyurtlarimizning o‘zlari bunday harakatlar oqibati haqida bilishlari juda muhim. Sababi, Rossiyaga va Ukraina o‘rtasidagi nizoli, bugungi kunga qadar harbiy to‘qnashuv davom etayotgan hududga borish, o‘sha joyda yashash va ishlash davomida xavfsizlikni yoki keyin yurtga qaytib kelish imkoniyatini hech kim kafolatlay olmaydi.
Mabodo biror fuqaro mazkur hududlarga borib kelgan taqdirda ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-Ilova 1-moddasida ozodlikdan mahrum qilinadi. Ushbu moddada chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa idoralariga xizmatga yollanish uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilgan.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozim, Rossiyada yaqinda e’lon qilingan qisman safarbarlik toifasiga O‘zbekiston fuqarolari kirmaydi. Demak, fuqarolarimizni ushbu nizoli hududlarga majburiy ravishda olib ketish mumkin emas.
Xulosa qilib aytganda, Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarimizga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi yoki boshqa ziddiyatli hududlarga jalb qilish haqidagi da’vatlarga ergashmaslik, harbiy harakatda ishtirok etish yoki ishlash uchun bormaslik tavsiya etiladi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA