French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashqi iqtisodiy faoliyatda shaffoflik va barqarorlik
12:24 / 2026-01-27

“Navoiyuran” DK uran chala oksidi tayyor mahsulotini ishlab chiqaruvchi va uning 100 foizini eksport qiluvchi yirik korxona hisoblanadi. Shu bois bojxona organlari bilan yaqin hamkorlik qilish, yuklarni deklaratsiyalash va sertifikatlash jarayonlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish korxonaning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Bugungi kunda Bojxona yuklarini deklaratsiyalash va sertifikatlash xizmati tomonidan korxonada tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonlari qonunchilik talablariga to‘liq muvofiq va ochiq-oshkora tarzda tashkil etilib, korxonaning eksport salohiyatini oshirish, tashqi bozorlarda milliy mahsulotimiz nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Mazkur xizmat tomonidan korxonaning tayyor mahsuloti – uran chala oksidi belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilib, barcha zarur sertifikat va hujjatlar bilan ta’minlanmoqda. Xizmat mutaxassislari mahsulotning xalqaro standartlarga mosligi, hujjatlarning aniqligi va shaffofligini ta’minlash orqali xalqaro hamkorlar bilan ishonchli hamda barqaror hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

– 2025 yil davomida korxonada tashqi iqtisodiy faoliyatni samarali tashkil etish, eksport salohiyatini barqaror ta’minlash hamda xalqaro talablarga to‘liq rioya qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, bojxona rasmiylashtiruvi, tovarlarni tasniflash va eksport jarayonlarini muvofiqlashtirish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yildi, – deydi Bojxona yuklarini deklaratsiyalash va sertifikatlash xizmati boshlig‘i Xasan Muxtorov. – Jumladan, eksport, vaqtinchalik olib chiqish, reimport, erkin muomalaga chiqarish, vaqtincha saqlash hamda eksportni qayta rasmiylashtirish bo‘yicha jami 57 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirildi. Bu ko‘rsatkichlar tashqi iqtisodiy operatsiyalar uzluksiz va qonunchilik talablariga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, uran mahsulotini eksport qilishda yuklangan bochkalarni mustahkamlash uchun qo‘llaniladigan yog‘och materiallariga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro fitosanitar talablar asosida bu materiallarning zararsizlantirilganligi to‘g‘risida 482 ta fitosanitar sertifikat rasmiylashtirildi. Bu esa logistika jarayonlarida ortiqcha to‘siqlarning oldini olishga xizmat qilmoqda.

Tovarlarni to‘g‘ri tasniflash masalasi ham doimiy nazoratga olingan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida 6511 turdagi tovar-moddiy boyliklar bo‘yicha tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlari aniqlanib, tegishli xulosalar berildi. Bu esa bojxona to‘lovlarini to‘g‘ri hisoblash va huquqiy tavakkalchiliklarni kamaytirish imkonini berdi.

Ayni paytda korxona mahsulotlari Koreya Respublikasi, Hindiston, Yaponiya, AQSH, Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarning yirik kompaniyalariga eksport qilinmoqda. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri