Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tadbirkorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlamoqda
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini rivojlantirish, eksport salohiyatini yuksaltirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini rivojlantirish, eksport salohiyatini yuksaltirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yuqori sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish hamda uni yirik xorijiy bozorlarga jalb qilish borasidagi istiqbolli loyihalar rag‘batlantirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bugungi kunda mamlakatimizda ushbu tarmoqlarni rivojlantirish, tadbirkorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratgan.
Jumladan, bank faoliyati va yangi kredit xizmatlaridan foydalanayotgan Toshkent viloyatidagi korxonalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun media-tur tashkil etildi.
Bir qator markaziy nashrlar muxbirlari, televidenie, radio, internet nashrlari vakillari hamda blogerlardan tashkil topgan media-tur ishtirokchilari dastlab Yangiyo‘l tumanidagi yirik ishlab chiqarish korxonalaridan biri “Master Global Plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi.
2011 yilda tashkil etilgan ushbu korxona tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, konservalash yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda bu yerda 200 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, Shveysariya texnologiyasi asosida 11 turdagi turli mevali sharbat va gazli ichimliklar tayyorlanadi. Bu esa, o‘z navbatida, viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish hajmini oshirish imkonini bermoqda.
– Ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Toshkent viloyati filialidan 4 million 878 ming dollar miqdoridagi kredit mablag‘i olindi, – deydi “Master Global Plyus” korxonasi iqtisodiy direktori Sunnatilla Usmonov. – Shu asosda Germaniya davlatidan meva-sabzavotdan sharbat va nektarni ajratuvchi zamonaviy texnologiya asosidagi asbob-uskuna liniyasi olib kelindi. Joriy yilda turli brendlar bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan 334 million so‘m miqdorda sharbatlarni Qozog‘iston, Afg‘oniston kabi qo‘shni davlatlarga eksport qilindi. Qayta ishlanayotgan meva-sabzavot mahsulotlari mavsumiga qarab bog‘dorchilik va fermer xo‘jaliklaridan qabul qilinadi. mazkur kreditni olganimizdan keyin korxonamiz faoliyati yanada kengayib, ichki va tashqi bozorda o‘z o‘rnimizni topish imkonini berdi.
Shundan so‘ng jurnalistlar Zangiota tumandagi “Vahobjon qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur bosmaxonada 2014 yildan buyon mamlakatimizda turli xil tibbiyot, oziq-ovqat mahsulotlari qadoqlanadigan plastik, shishali idishlarga yorliqlar ishlab chiqariladi. Korxona yiliga 55 million dona turli shakldagi yorliqlarni tayyorlash imkoniga ega.
– Mamlakatimizda ko‘plab mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati kengayayotgani bois mazkur yo‘nalishdagi tijorat ham ommalashmoqda, – dedi korxona rahbari Mavlonbek Ahmedov. – 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Toshkent viloyati filialidan 1 million dollar miqdoridagi kredit mablag‘i olganimizdan so‘ng xorijdan zamonaviy uskuna keltirdik. Bu esa ishimizni yanada osonlashtirib, hamkorlarimiz sonini ko‘paytirdi. Ayni paytda 20 nafar yoshlarning ish bilan ta’minlaganmiz. Kelgusida bu yo‘nalishdagi faoliyatimizni yanada rivojlantirish maqsadida mazkur bank kreditlaridan foydalanishni davom ettiramiz.
Ishtirokchilar korxonada mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar, bu yerdagi zamonaviy texnologiyalar va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan ham tanishdi.
Navbatdagi manzil Chirchiq shahridagi “COMPACT TEXTILE YARN” to‘qimachilik korxonasi bo‘ldi. Media-tur ishtirokchilari bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Korxonada ip-kalava va tayyor kiyimlar ishlab chiqarish jarayonlari va yangi texnologiyalarning afzalliklari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
2010 yilda Turkiyalik sarmoyadorlar ta’sisligi ostida ochilgan “Lukbo textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati mingdan ortiq ishchi xizmat qiladi. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan tikuv trikotaj mahsulotlari 100 foiz eksport qilinadi. Yillik quvvati 12 milliondan 15 million dollargacha eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, asosan Rossiya, Belarus, Ukraina, Germaniya va Chexiya kabi davlatlarga yetkazilmoqda. 2018 yilda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani filialidan 14 million dollar kredit olindi. Shu asosda ushbu MChJ ta’sisligida yangi “COMPACT TEXTILE YARN” yarim ip-kalava ishlab chiqaruvchi korxonasi tashkil etildi.
– Ajratilgan mablag‘lar hisobidan Shveysariya, Yaponiya va Germaniyadan eng zamonaviy texnikalar olib kelib, o‘rnatdik, – dedi MChJ direktori Maxamadjon Qurbonov. – Ayni pastda ishlab chiqarilayotgan ip-kalavaning 95 foizi Xitoy, Turkiya, Rossiyaga eksport qilinadi. Korxonada 400 dan ortiq ishchi xizmat qiladi. Korxonamizda 24 soat davomida to‘xtovsiz ish tashkil qilingan bo‘lib, ishchilar uch smenada almashib ishlaydi. Xomashyo 100 foiz o‘zimizning paxta tolasidan olinadi. Ip kalavadan keyingi bosqich xom mato ishlab chiqarish bo‘lib, uni 2020 yilda yangi loyiha sifatida rejaga kiritdik. Undan keyingi loyiha 2022 yilda bo‘yoqxona tashkil etish hisoblanadi. Ana shu ikkita loyihani amalga oshirsak, tekstil sohasidagi barcha jarayonlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Paxta tolasidan to tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni qamrab olamiz.
Hozirgi kunda mazkur ikkita korxona jami 1 ming 500 dan ortiq ishchi xizmat qiladi. Korxona mutasaddilarining ta’kidlashicha kelgusida yangi loyihalar ishga tushirilsa, yana 400 ta ishchi kuchi yaratiladi.
Media-tur ishtirokchilari sohaga taalluqli ko‘plab savollariga javob oldi.
Reklama huquqi asosida