English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan muloqot
11:47 / 2026-02-20

Joriy yil 13-fevral kuni Prezidentimiz raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Ibragimov Andijon viloyatida ish olib borayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan uchrashdi.

Jumladan, Otabek Ibragimov Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy sanoat hududida bo‘lib, mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali ish yuritishlariga ko‘maklashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidlandi. Shuningdek, muloqot davomida tadbirkorlarga “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi haqida batafsil tushunchalar berildi. 

Andijon viloyatining tabiiy resurslari, geografik joylashuvi, mehnat salohiyati va iqtisodiy imkoniyatlari, aynan “bojxona hududida qayta ishlash” rejimidan foydalanish samarali natijalar berayotganligi alohida qayd etildi. Jumladan, o‘tgan 2025-yilda viloyatdagi 28 ta tadbirkorlik sub’ekti ushbu rejimdan foydalangan. Ularga tegishli 108 million AQSH dollari miqdoridagi xomashyo bojxona hududida qayta ishlash uchun joylashtirilgan, 408 million AQSH dollar qiymatidagi qayta ishlash mahsulotlari esa eksport qilingan. Natijada tadbirkorlarning 220 milliard so‘mdan ortiq mablag‘i tejab qolingan. Bu o‘z navbatida mahsulot tannarxini arzonlashtirish, tadbirkor daromadining ortishida muhim omil bo‘ldi.

Uchrashuvda tovarlarni “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi doirasida olib kirish, qayta ishlash va tayyor mahsulotni tashqi bozorlarga chiqarishda yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda mavjud imtiyozlar tushuntirildi.

Mazkur rejim tadbirkorlarga  ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda hududning eksport salohiyatini yanada oshirishda keng imkoniyatlar berayotgani misollar asosida ko‘rsatib o‘tildi.

– Uchrashuvda eksport-import masalalari, xususan, “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi, uning afzalliklari  va tartiblari haqida keng ma’lumotlar oldik, – deydi Xo‘jaobod tumanidagi tekstil korxonasi mutaxassisi Alisher Boboyev. – Bu albatta, kelgusi faoliyatimizni yanada samarali olib borishga, bojxona hududida qayta ishlash rejimidan foydalanishni yo‘lga qo‘yishimizga  yordam beradi. 

Tadbirda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi, shuningdek, mavjud muammolariga yechim topish bo‘yicha ularning taklif, fikr va mulohazalari tinglandi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.