Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashqi bozorlarda O‘zbekiston uzumiga talab ortib bormoqda
10:47 / 2025-10-14

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti yil sayin ortib bormoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda uzum yetishtirish va uni eksport qilish sohasida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.

Mahsulotning tabiiy ta’mi, eksportbop navlarning ko‘payishi hamda xalqaro standartlarga mos yetishtirish usullarining joriy etilishi eksport hajmining ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston 19 ta xorijiy davlatga jami 86,2 ming tonna yangi uzilgan uzum eksport qilgan.

Bu ko‘rsatkichning qiymati 78,3 million dollarni tashkil etgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 64 foizga ko‘p.

Eng yirik bozorlar qatorida Rossiya (63,4 ming tonna), Qozog‘iston (15,2 ming tonna) va Qirg‘iziston (4,5 ming tonna) bor. Shuningdek, Belarus, Ukraina va bir qator boshqa mamlakatlarga ham ma’lum hajmda uzum yetkazib berilgan.

Qishloq xo‘jaligida zamonaviy sug‘orish texnologiyalari va ilmiy asoslangan agrotizimlarning joriy etilishi hosildorlikni oshirmoqda.

Shu bilan birga, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash infratuzilmasi rivojlanib, mahsulot sifatini uzoq muddat saqlab turish imkoni yaratilgan.

M.Hojiakbarova, O‘zA