Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashlandiq fabrikada “GAYRAT-CHODAK” ish boshladi
16:56 / 2022-08-10

Buxoro viloyatidagi “GAYRAT-CHODAK” davlatimiz rahbarining 2022 yil 24 yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan. Fabrikada jinsi matosidan tayyor mahsulotlar ya’ni jinsi shim, bolalar va ayollar uchun kiyim-kechaklar ishlab chiqariladi.

Korxonada 1 ming 100 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi. Hozirgi kunda 350 ta ishchi ishlab kelmoqda va vakant o‘rinlar to‘ldirilyapti. Ularga eng kamida 2 million so‘m oylik maosh berib kelinmoqda. 2022 yil o‘tgan davrida faqat ish haqi uchun 700 million so‘m mablag‘ sarflandi.  265 million so‘mlik soliq va byudjetga to‘lovlar to‘landi.

Loyihani amalga oshirish uchun jami 10,3 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirildi. Natijada 22 yildan buyon ishlamay kelgan, Buxoro shahrida tashlandiq bo‘lib qolgan sobiq I.Fozilov trikotaj fabrikasi pardozlash bo‘limi hududida zamonaviy ishlab chiqarish ob’ekti paydo bo‘ldi.

[gallery-8248]

Mazkur yirik to‘qimachilik majmuasi 4 qavatdan iborat bo‘lib, umumiy maydoni 3,7 gektarni egallagan. Bu yerda mavjud bo‘lgan eski bino tubdan qayta rekonstruksiya qilindi. Korxonaga Xalq banki viloyat filiali tomonidan 5,4 million dollar kredit ajratilgan. Ishlab chiqarish fabrikasi Xitoyning “Taizhou original essence trading co.LTD” va “Seize Industrial (Shanghai) Co.LTD” dunyo to‘qimachilik sanoatida yetakchi bo‘lgan kompaniyalarida tayyorlangan eng zamonaviy texnologik liniyalar, asbob-uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan. Yillik quvvati 3 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ega.

– Yashash manzilimga yaqin joyga ishga qabul qilindim, – deydi ishchilardan biri Ma’rifat Ramazonova. – Avval uyda ishsiz edim, endilikda meni ham ish joyim bor. Xursandchiligimning cheki yo‘q. Chunki men ham oilamning daromadiga o‘z hissamni qo‘shaman.

Hozirgi kunda jamiyat tomonidan tayyor mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish maqsadida Rossiya, Qozog‘iston va Gruziya davlatlari bilan shartnoma tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA