Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni kashf etish hamda ularning mantiqiy bilimlarini oshirish, intellektual salohiyatini yuksaltirish, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy bilimlarini va nutqiy madaniyatini oshirish maqsadida Qashqadaryo viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan yosh xodimlar o‘rtasida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Qashqadaryo viloyati Kengashi tomonidan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Turnirda korxona- tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan ishchi xodimlardan tashkil topgan “Tibbiyot bilimdonlari”, “Ustozlar”, “Tadbirkorlar”, “Smart”, “Quruvchilar” kabi 8 ta jamoa o‘zaro bahslashdi.
Turnirni ochiq va shaffof o‘tkazish, jamoalarni kuzatib borish maqsadida nizom qoidalari asosida komissiya a’zolari o‘yinni kuzatib bordilar. Ishtirokchilarga har bir savol uchun bir daqiqa vaqt berildi. Turnir 2 turda bo‘lib o‘tdi.
Birinchi o‘rinni O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi viloyat tashkilotining “Ustozlar” jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin O‘zbekiston energetika neft-gaz va geologiya xodimlarining “Smart” jamoasiga nasib etdi. O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi viloyat birlashgan qo‘mitasining “Yoshlar” jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
[gallery-24872]
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari