Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashkiliy masalalar muhokama qilindi
11:25 / 2026-01-13

Andijon davlat universitetida Bobur shahrida rassomlar festivalini tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 30 dekabrdagi “Andijon viloyati Bobur shahrida rassomlar festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy yildan boshlab har ikki yilda bir marta rassomlar festivali o‘tkazib borilishi belgilandi. 

Viloyat hokimligi mutasaddilari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi vakillari, Andijon davlat universitetining ijodkor professor-o‘qituvchilari, talabalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda festivalni hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, festivalning asosiy yo‘nalish va konsepsiyasini belgilash, ishtirokchilarni jalb etish, saralash mexanizmlari, nominatsiyalar kesimida baholash mezonlari, shuningdek, tadbirni shaffof va yuqori saviyada o‘tkazishga oid tashkiliy jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda tadbir mazmunini boyitish, uning nufuzini yanada oshirish hamda ijodkorlar uchun o‘z iqtidor va mahoratlarini namoyon etish imkonini beradigan samarali ijod maydoni sifatida tashkil etish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq kelgusida amalga oshiriladigan ishlar hamda rejalar belgilab olindi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tadigan festival doirasida beshta – “Gran-pri”, “Eng yaxshi rangtasvirchi rassom”, “Eng yaxshi haykaltarosh”, “Eng yaxshi fotorassom” va “Eng yaxshi grafik rassom” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (foto),

O‘zA muxbirlari.