Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashkil topganiga 2400 yil bo‘lgan qadimiy Koson shahri haqida bilsizmi?
13:39 / 2020-11-22

Qadimiy Koson shahri nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki Markaziy Osiyodagi eng ko‘hna, boy tarixga ega, madaniyati, xalq hunarmandchiligi bilan mashhur bo‘lgan shaharlardan.

O‘rta asrlarda yashab ijod qilgan tarixshunos olimlardan Ya’qubiyning “Kitob-ul-buldon”, Al-Maqsadiyning “Axsan-uttakosim” asarlarida hamda xitoylik olim va sayyoh Chjan Syanning ma’lumotlarida qadimiy Koson shahri eramizdan oldingi V asrda tiklangan va o‘sha davrdagi Davan (Farg‘ona) davlatining markaziy shaharlaridan biri bo‘lgan.  

Keyinchalik Koson shahridagi eski qal’a va Mug‘ qal’asi qoldiqlarida tadqiqot o‘tkazgan arxeolog va tarixshunos olimlar eramizdan oldingi davrga mansub qimmatli ma’lumotlar va ashyoviy dalillarni topib, o‘z asarlarida qadimiy Koson shahrini davanlar va kushoniylar davrida gullab-yashnaganligini ta’kidlashgan. Ayni paytda shaharning tashkil topganiga 2400 yil bo‘lganligi haqida ham aniq ma’lumotlar mavjud.  

[gallery-124]

Qadimiy rivoyatlar va ilmiy manbalardagi ma’lumotlarga qaraganda, shahar ikki qismdan: shahar qal’asi hamda undan ikki kilometr shimolda joylashgan Mug‘ qal’asidan iborat bo‘lgan.  

Qadimgi Koson shahri kushoniylar imperiyasining (eramizdan oldingi I asr va eramizning III-IV asrlari) bir muddat qudratli poytaxti bo‘lganligi haqida xitoy manbalarida keltirilgan. Xuddi shu davrda Kosonsoy shahri gurkirab rivojlangan. Shaharda a’yonlar, asilzodalarning hashamatli uylari, savdo rastalari, bozorlar mavjud bo‘lib, hunarmandchilik rivojlangan. Oltin va kumush tangalar zarb etilgan.  

Keyingi yillarda vodiy hududida olib borilgan arxeologik qazishmalarni yozma manbalarga qiyosiy tahlil qilish natijasida, ushbu mavjud ma’lumotlarga yanada aniqlik kiritildi. Ma’lum bo‘lishicha, milodiy eradan avvalgi I asrning o‘rtalarida Farg‘onaning siyosiy hayotida jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi. Siyosiy hokimiyat, kelib chiqishi ko‘chmanchi bo‘lgan Yuechji qabilalarining vakillari qo‘liga o‘tadi. Ular qadimgi Kosonning xarobasi hisoblangan Mug‘ qal’a o‘rnida o‘zlarining yangi siyosiy qarorgohini quradi. Ushbu yangi siyosiy qarorgoh Xitoy manbalarida Guyshuan deb atalgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur davrida Koson Farg‘onadagi mavjud 8 shaharning biri bo‘lgan. Bobur bu go‘zal shaharlarning joylashgan o‘rni borasida “Farg‘ona viloyati beshinchi iqlimdindur... Yetti pora qasabasi (shahri) bor; beshi Sayxun suyining janub tarafida, Ikki shimol janubida”, deb yozadi. Buyuk vatandoshimiz shaharlarning o‘ziga xos xususiyatlariga ta’rif berar ekan, Koson shahri haqida “Yana biri Kosondur, Axsining shimolida tushubtur. Kichikroq qasabadur. Nechukkim, Andijon suyi O‘shdan kelur, Axsi suyi Kosondin kelur. Yaxshi havoliq yerdur. Safolik bog‘chalari bor. Vale safolik bog‘chalari tamom soy yoqasida voqe’ bo‘lg‘on uchun, “po‘stini pesh barra” deb turlar. Safo va havoda O‘sh bila Koson elining tassubi bor”, deb ta’kidlaydi.  

Aynan mazkur shahar Mavlono Alouddin Abubakr ibn Mas’udi Kosoniy, Sayyid Ahmad ibn Mavlono Jaloliddin Mahdumi A’zam Kosoniy kabi allomalar, Muhammadsharif Uzlat Kosoniy, Muhammad Aminxo‘ja Kosoniy, Murtazo Kosoniy singari taniqli g‘azalnavis shoirlar, Muhammad ibn Vali kabi mashhur tarixchilarning ota makoni hisoblanadi.  

 

Hotam MAMADALIEV olgan suratlar, O‘zA