Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan investitsiya loyihasi doirasida “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududida Ananta Medicare kompaniyasi ishtirokida zamonaviy farmatsevtik ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Loyihani amalga oshirish uchun 3,38 gektar yer maydoni ajratilgan. Ishlab chiqarish jarayonlari xalqaro GMP standartlari talablariga to‘liq muvofiq tashkil etiladi.
Loyiha doirasida steril in’eksion preparatlar (ampula va flakonlar), in’eksion, qattiq va suyuq shakldagi dori vositalari, fitoterapevtik preparatlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati farmatsevtika tarmog‘ida yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ichki bozorni mahalliy dori vositalari bilan ta’minlash hamda sohaning eksport va investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashdan iborat.
Ma’lumot uchun, Ananta Medicare 1999 yilda Hindistonda tashkil etilgan xalqaro farmatsevtika kompaniyasi bo‘lib, Hindiston, AQSH, Buyuk Britaniya, Ukraina, Qozog‘iston, O‘zbekiston, BAA va Filippin davlatlarida faoliyat yuritadi hamda Yevropa va Osiyo bozorlariga farmatsevtika mahsulotlari yetkazib beradi.
Mohigul Qosimova, tayyorladi, O‘zA