English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tashkent Law Spring”da yuksak texnologik taraqqiyot jarayonida inson manfaatlari va adolat tamoyillariga amal qilish muhimligi qayd etildi
14:27 / 2025-05-29

Poytaxtimizda “Tashkent Law Spring” to‘rtinchi xalqaro yuridik forumi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Raqamli davrda huquq tizimi islohotiga bag‘ishlangan nufuzli tadbirda 1,2 ming nafarga yaqin ishtirokchi, shu jumladan, 150 nafarga yaqin xorijiy spiker va rasmiylar, 40 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlardan vakillar qatnashmoqda. Saudiya Arabistoni, BAA, Pokiston, Rossiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston kabi davlatlar adliya organlari rahbarlari, Singapur Bosh prokurori, shuningdek, “Jahon odil sudlov loyihasi” ijrochi direktori ishtirok etmoqda.  

Tadbirning ochilishida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Tashkent Law Spring” to‘rtinchi xalqaro yuridik forumi ishtirokchilariga tabrigini Prezident maslahatchisi Ruslanbek Davletov  o‘qib eshittirdi.  

Tabrikda anjumanda jahonning nufuzli tashkilotlari va 40 dan ortiq davlatdan yuqori martabali delegatlar, yetakchi oliygohlar va “aql markazlari”ning taniqli olimlari va ekspertlari ishtirok etayotgani uning nufuzi va ahamiyati tobora oshib borayotganini yaqqol ko‘rsatayotgani e’tirof etildi.  

“Yuksak texnologik taraqqiyot jarayonida inson manfaatlari va adolat tamoyillariga amal qilish, samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish, raqamli suverenitetni ta’minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni har tomonlama kuchaytirishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Texnologiyalar va virtual munosabatlar shiddat bilan hayotimizga kirib kelayotgan bugungi kunda sun’iy intellekt kabi taraqqiyotning eng ilg‘or yutuqlarini umumbashariyat manfaatlari yo‘lida oqilona va samarali foydalanish zarur, deb hisoblaymiz”, deb qayd etgan davlatimiz rahbari.  

Yangi O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar yordamida davlat boshqaruvi modernizatsiyasi va davlat xizmatlarini elektronlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hisobiga “xizmat ko‘rsatuvchi davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishga katta e’tibor berilayotgani aytib o‘tildi. Anjuman doirasida ilk bor Yoshlar forumi o‘tkazilayotgani ham diqqatga sazovorligi e’tirof etildi.  

Aytib o‘tish kerakki, forum doirasida 20 ga yaqin tadbir, jumladan, plenar sessiya, mahorat darslari, davra suhbatlari, 4 ta ko‘rgazma, shuningdek, ilk bor Xalqaro yoshlar yuridik forumi o‘tkaziladi.  

Tadbirlarda zamonaviy texnologiyalarning huquqiy  tizimga ta’siri, elektron hukumat, raqamli notariat, yuridik ta’limdagi inqilobiy yangiliklar, intellektual mulkni himoya qilish, yuridik amaliyotni raqamlashtirish kabi mavzular muhokama qilinadi.  

Huquqiy jarayonlarni avtomatlashtirish, smart-shartnomalarni joriy etish, kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda  raqamli mediatsiya va sud ekspertizasi borasidagi ilg‘or tajribalar o‘rganiladi.

Forum o‘z ishini davom ettirmoqda.  

N.Abduraimova,  

N.Haydarov (surat), O‘zA