“Tashkent Law Spring” IV xalqaro yuridik forumida “Zamonaviy tartibga solish siyosati: tendensiyalar va istiqbollar” mavzusi muhokama qilindi.
Xalqaro miqyosdagi ilmiy-tadqiqot muassasalari tartibga solish siyosatini shakllantirishda hozirgi dunyoda kuzatilayotgan tendensiyalar yuzasidan qiziqarli hamda muhim taqdimotlarni namoyish qildi.
Adliya vazirligi Qonunchilik departamenti boshlig‘i Mirjalol Allaquliyev O‘zbekistonda sifatli tartibga solishning zamonaviy vositalarini joriy qilish borasidagi ishlar bilan tanishtirdi.
Sessiya ishtirokchilari zamonaviy tartibga solish siyosatida kuzatilayotgan o‘zgarishlar va uning kelajagi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha soha ekspertlari bilan fikr almashish, aloqalar o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
“Yuristlar texnologiyalar to‘lqinida: raqamlashtirish o‘yin qoidalarini qanday o‘zgartirmoqda?” mavzusidagi sessiyada advokatura sohasida raqamli texnologiyalarni qo‘llash va sohani raqamlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Sohadagi mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etishda xalqaro advokatura vakillari bilan tajriba almashildi.
Tadbirda sud protsesslarida sun’iy intellektdan keng foydalanish, yashil transformatsiyada yuristlarning roli, raqamli texnologiyada geografik va huquqiy to‘siqlarni yengish, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida yangi huquqiy xizmat ekotizimini birgalikda yaratish, shuningdek,advokat faoliyatida sun’iy intellektdan foydalanishning afzalliklari va xavflari kabi mavzularda muhokamalar olib borildi.
“G‘oyadan aktivgacha: intellektual mulkni himoya qilish san’ati” mavzusidagi sessiyada intellektual mulk sohasida ilg‘or tajribaga ega xalqaro ekspertlar, milliy patentshunoslar va ilmiy xodimlar ishtirok etdi.
Yevroosiyo patent tashkilotining prezidenti o‘rinbosari Emil Mammadov intellektual mulk tizimini raqamlashtirish orqali patent jarayonlarini soddalashtirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va patentlarning o‘zaro tan olinishi imkoniyatlari bo‘yicha ma’lumot berdi.
Sessiya yakunida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sharoitida intellektual mulkni samarali himoya qilish bo‘yicha yangi tashabbuslar va takliflar ilgari surildi.
“Qadimiy an’analarni qayta tiklash yoki nizolarni hal etishning yangi yo‘llari” mavzusidagi sessiyada mediatsiya bo‘yicha jahon tajribasi va milliy an’analar uyg‘unligida samarali muloqot va tinch yo‘l bilan nizolarni hal etish mexanizmlarini rivojlantirish ko‘rib chiqildi.
Sessiyada mediatsiyaning milliy an’analar bilan uyg‘unligi, qadimiy nizolarni hal qilish usullarini qayta tiklash orqali zamonaviy mediatsiya modellarini shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Suddan tashqari tartibdagi nizolarni hal etish jarayonlarini samarali tashkil etish, mediatorlarning malakasini oshirish, qonunchilikni takomillashtirish hamda jahon standartlarini milliy tizimga moslashtirish yuzasidan fikr almashildi.
“Yuridik ta’lim 4.0: yangi kompetensiyalar, texnologiyalar va muammolar” mavzusidagi sessiyada raqamli davrda huquq fanlarini o‘qitish bo‘yicha zarur bo‘lgan professional bilimlar va pedagogik yondashuvlar, yuridik kadrlar tayyorlash, Yaponiya “Yuridik-texnik hamkorlik” dasturi tajribasi va yuridik ta’limni sun’iy intellekt orqali raqamli transformatsiya qilishga e’tibor qaratildi.
Bunday keng qamrovli va professional darajadagi tadbir O‘zbekistonda yuridik ta’lim sifatini oshirish hamda uni raqamli transformatsiya qilishga qaratilgan islohotlar mazmunini tushuntirish, bu borada dunyodagi yangi tendensiyalarni tahlil qilish imkonini berdi.
“Metamakonning huquqiy chaqiriqlari: virtual dunyo va real qonunlar” mavzusidagi sessiyada sun’iy intellekt ishtirokida yaratilgan kontentning mualliflik huquqi, u orqali ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, kiberxavfsizlik, “elektron shaxs” maqomining huquqiy asoslari, metamakonda qonuniylik va javobgarlik masalalari kabi mavzular bo‘yicha fikr almashildi.
Forum doirasida xorijiy universitetlar va xalqaro tashkilotlar professorlari ishtirokida “Sun’iy intellekt va huquqiy javobgarlik”, “SI – hammuallifmi yoki vositami?” kabi mavzularda ochiq muhokamalar va ekspert fikr almashuvlari tashkil etildi.
Sessiyada bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida tegishli ilmiy va amaliy ishlar olib borilishi kutilmoqda.
Bunday nufuzli formatda o‘tkazilgan tadbir mamlakatimizda raqamli huquqni rivojlantirish, global tendensiyalarni tahlil qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Abduraimova,
O‘zA