Toshkent shahrida shu yil 22-23 aprel kunlari “Tashkent Law Spring” II Xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tadi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida ikkinchi marotaba tashkil etilmoqda.
Xalqaro doiradagi nufuzi tadbirda huquqni rivojlantirish muammolari va zamonaviy tendensiyalari muhokama qilinadi. Buning uchun yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlarni jamlagan holda ochiq muloqot maydonchasi yaratiladi. Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat forum orqali O‘zbekistonda olib borilayotgan huquqiy islohotlar bilan tanishadi.
Bu galgi forumning bosh mavzusi “Huquq 4.0”, deb nomlanib, unda to‘rtinchi sanoat inqilobi davrida huquq qanday bo‘lishi kerakligi muhokama markazida bo‘ladi.
Forumda bir qator xorijiy mamlakatlarning adliya vazirlari, sud va boshqa davlat organlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, dunyoning yetakchi yuridik va konsalting firmalari vakillari ishtirok etadi. Bundan tashqari, advokatlar, yurisprudensiya, iqtisodiyot sohalaridagi taniqli olimlar, mutaxassislar va ekspertlar qatnashishi kutilmoqda.
Forumda davlatning huquqiy siyosati, davlat organlarining ochiqligini ta’minlash, huquq texnologiyalari, umumiy (ingliz) huquqi tizimi, pandemiya cheklovlari davrida mediatsiya va arbitraj, intellektual mulk himoyasi, siyosatni amalga oshirish, sudlarning mustaqilligi, adolatliligi va xolisligini ta’minlash hamda boshqa dolzarb mavzularda muhokama sessiyalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, davlat xizmatlari, huquqiy axborotni tarqatish, advokatura va notariatni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatlari bo‘lib o‘tadi.
Forumning asosiy tili o‘zbek tili. Ingliz va rus tillariga sinxron tarjima amalga oshiriladi.
N.Abduraimova, O‘zA