Toshkent shahrida o‘tayotgan "Tashkent Law Spring" IV xalqaro yuridik forumi doirasida Respublika sud ekspertiza markazida "Sud ekspertizada yangi texnologik yechimlar" mavzusida maxsus sessiya tashkil etildi.
Unda Rossiya, Polsha, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Gruziya va Turkiya kabi davlatlarning sud ekspertiza muassasalari rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi. Sessiyada, shuningdek, O‘zbekistondagi barcha davlat va nodavlat sud ekspertiza muassasalari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ham qatnashdi.


Sessiya davomida sud ekspertiza sohasining dolzarb masalalari muhokama qilindi, hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekistonda sud ekspertizasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, NGS texnologiyalari asosida DNK tahlili, sud-tergov organlari o‘rtasidagi "E-ekspertiza" axborot tizimi orqali yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik va 500 dan ortiq uslubiyatlarda qilingan yangiliklar bilan tanishtirildi.


X.Sulaymanova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining ISO-17025 xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritgani ham alohida e’tirof etildi.
Bundan tashqari, sessiya doirasida sud ekspertlari uchun xorijiy mutaxassislar ishtirokida "Raqamli sud ekspertizasining yangi tendensiyalari" mavzusida master-klass va davra suhbatlari ham o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashdilar.
Umidjon Qurbonov, O‘zA