Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tashkent INDEX” majmuasiga press-tur: Loyihaning birinchi qismi shu yil 19 martda ishga tushiriladi
12:39 / 2022-01-30

Poytaxtimizning Yangihayot tumani hokimligi tomonidan jurnalistlar uchun shu tumanda joylashgan “Tashkent INDEX” savdo-ishlab chiqarish majmuasiga press - tur tashkil etildi.

Press-tur avvalida tashkilotchilar “Tashkent INDEX” loyihasi haqida ma’lumot berdi. Xususan, “Tashkent INDEX” majmuasining qurilishini MIMAR Development kompaniyasi amalga oshirmoqda.  Umumiy maydoni 71 gektarni tashkil etgan majmua maydonida 3000 dan ortiq do‘kon, 130 ta ishlab chiqarish maydonlari, ishlab chiqarish joyidanoq qulay va tezkor eksport qilish uchun logistika markazi va unga bog‘langan yuk avtomobillar bazasi hamda temir yo‘l yo‘nalishi, tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini namoyish etishga mo‘ljallangan zamonaviy ko‘rgazmalar markazi o‘rin olgan.

Qolaversa, tadbirkor va aholiga munosib sharoit yaratish maqsadida mazkur majmuada kafe va restoranlar, bank filiallari va notarius xizmatlari, 120 ta xona va maxsus jihozlangan konferensiya zallariga ega mehmonxona, umumiy sig‘imi 7500 ta avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargohlar, viloyatlararo avtobus va taksi stansiyasi, majmua hududi bo‘ylab harakatlanuvchi muntazam elektrobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Press-turda majmuaning loyihasi hamda qurilishi bilan tanishib, uning poytaxtimizdagi eng yirik sanoat markaziga aylanishiga amin bo‘ldik.

– “Tashkent INDEX” loyihasi poytaxtimizdagi eng yirik sarmoyaviy loyiha hisoblanadi, – deydi MIMAR Development kompaniyasi sotuv menejeri Davut Abdullayev. – Mazkur loyiha Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi “Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihaga davlatimiz tomonidan 40 million dollar kredit ajratilgan. Ushbu loyihani qurilishi bo‘yicha tenderga qo‘yilgan. Tenderda MIMAR Development kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad  “Tashkent INDEX” yirik sanoat markaziga aylantirish hamda 13 ming yangi ish o‘rinlari yaratilishdan iborat. Yana bir ma’lumot: mazkur majmuaga aholi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri olib keladigan 12 ta viloyatdan elektrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, qo‘shni davlatlar Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston davlatlariga bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. “Tashkent INDEX” hududida tadbirkorlar hamda mehmonlar qulayligi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Xususan, bu yerda qo‘riqlash va videonazorat xizmatlari, tibbiyot va yong‘in xavfsizligi shoxobchalari, shuningdek tozalash, obodonlashtirish hamda kommunikatsiya tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha xizmati tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bularning barchasi evaziga “Tashkent INDEX” biznes yuritish hamda shopping uchun eng qulay majmuaga aylanadi.

Eng muhimi tadbirkorlar to‘liq jihozlangan ishlab chiqarish maydonlariga ega bo‘lishadi. Bu shuni anglatadiki, barcha kerakli kommunikatsiyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri maydonlarga yetkaziladi: gaz va elektr ta’minoti, havo almashinuv tizimi, shuningdek quvurlar tizimi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini namoyish etishlari uchun maxsus ko‘rgazmalar markazi yaratilishi ko‘zda tutilgan. “Tashkent INDEX” mahalliy korxonalarning eksport salohiyatini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishiga alohida e’tibor qaratildi. Shu tariqa logistika markazi faoliyati tashkil etiladi va boshqa mamlakatlarga mahsulotlarni yuborish imkoniyati yaratiladi.

Bu yerda do‘kon egalari o‘z mahsulotlarini internet orqali sotishlari va butun O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlarga yuborishlari mumkin. “Tashkent INDEX” onlayn tijorat platformasi yaratilishi tufayli tadbirkorlar o‘zlarining ixtiyorida yana bir samarali savdo kanaliga ega bo‘lishadi.

– Mazkur majmua qurilishida ishtirok etyapmiz, – deydi Turkiyalik mutaxassis Murat Chetin. – Majmua qurilishiga eng zamonaviy qurilish materiallardan foydalanilmoqda. Shuni alohida aytish o‘rinli, majmuaga kirish uchun alohida yo‘llar qurilmoqda. Mazkur qurilishda 3 mingdan ortiq ishchi mehnat qilmoqda. Ushbu loyiha 2023 yil to‘liq qurib bitkaziladi. Loyihaning birinchi qismi shu yili 19  martida ishga tushiriladi.

Sh.Mamaturopova,
O‘zA