Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot kotibi Mo‘min Ibodovning ma’lum qilishicha, poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi “Tashkent Index” majmuasida 10 ming talaba uchun vaqtinchalik yotoqxona hozirlanmoqda. Ehtiyojga qarab joy 20 mingtagacha ko‘paytiriladi. Bu yerda oshxona, hammom va kir yuvish xonalari ham tashkil etilyapti.
Toshkentda qurilishi kerak bo‘lgan yotoqxonalar bunyod etilib, tayyor bo‘lgunga qadar savdo majmuasi vaqtincha yotoqxona vazifasini bajaradi.
– Shu hafta davomida oliy ta’lim muassasalari rahbariyatlari yotoqxonada turish istagidagi talabalar ro‘yxatini shakllantiradi, – deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot kotibi Mo‘min Ibodov. – Keyingi haftadan esa ko‘chish jarayoni boshlanadi. Talabalar bu yerda o‘quv yili yakunigacha yashab turishi ko‘zda tutilmoqda. Katta savdo kompleksini yotoqxonaga aylantirish oson ish emas. Hamma xarajat va harakat shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilyapti.

Ta’kidlanishicha, yotoqxona va unga yaqin bo‘lgan metro bekatlari orasidagi masofa 1,5−2 kmni tashkil qiladi. Talabalarning vaqtida o‘qishga borishi va yotoqxonaga qaytishi uchun avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi.
O‘nlab avtobuslar yotoqxonaga yaqin bo‘lgan bir qancha metro stansiyalariga biriktirilib, talabalarni taqsimlangan holda olib boradi. O‘qishdan qaytishda ham metro bekatidan olib kelish masalasi muhokama qilinmoqda. Shu tariqa talabalar ham grafik asosida kun o‘tkazishga odatlanadi. Ayni paytda avtobus xarajatlari masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bir talaba uchun ijara narxi 200 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Talabalarning davlat yotoqxonalariga to‘laydigan mablag‘i o‘zgarishsiz qoladi.
O‘zA