O‘tgan 2023 yilda Buxoro viloyati Buxoro tumanida “Tashabbusli byudjet” loyihasining dastlabki bosqichida 16 ta ob’ektga 9 milliard 860 million so‘m mablag‘ ajratilgan. E’lon qilingan ikkinchi mavsum doirasida ishlab chiqilgan 4 ta taklif – loyiha g‘olib deb topilgan. Ular ro‘yobi uchun 5 milliard 100 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan.
Jumladan, tumandagi “Xonobod” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 25-son umumta’lim maktabi ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish uchun zamonaviy shart-sharoitni yaratish maqsadida ilgari surilgan tashabbuslarda ketma-ket 4 mavsumdan buyon g‘olib bo‘lib kelmoqda. 2022 yilda 1,1 milliard so‘m mablag‘ hisobiga “Tashabbusli byudjet” jarayonida mazkur maktabning atrofi o‘raldi. Yangi sport maydoni qurilib foydalanishga topshirildi. 2023 yilda maktab joriy ta’mirlanib, moddiytexnika bazasi mustahkamlandi va zamonaviy uskunalar bilan ta’minlandi. Ushbu ishlar uchun davlat byudjetidan 2,6 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirildi.
Tumandagi 38-son umumta’lim maktabi ham nihoyalangan yilning ikkinchi yarmida o‘z takliflari bilan mazkur loyihada ishtirok etdi. Natijada g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 480 million so‘m mablag‘ evaziga sun’iy qoplamali 45 x 22 o‘lchamdagi zamonaviy sport maydoniga ega bo‘ldi.
E’tiborlisi, tumanda “Open budget” tizimida yutib olingan loyihalarning aksariyati umumta’lim maktablari moddiy-texnik imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan. Chunonchi, “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan kasb-hunar maktabi sport maydonini ta’mirdan chiqarib, unda sun’iy qoplamali futbol maydoni va yugurish yo‘lagini barpo qilishga 600 million so‘m, Istiqbol mahallasidagi 15-son umumta’lim maktabini ta’mirlashga 300 million so‘m, Talaliyon mahallasidagi 38-son umumta’lim maktabida bolalar sport maydoni qurilishiga 600 million so‘m, “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida qurilganiga 30 yil bo‘lgan 3-son IDUMI ning eshik-derezalari va issiqlik tarmog‘ini shay holga keltirishga 850 million so‘m, “Dilobod-Zafarobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Diosiyo” oilaviy shifokorlik punktini hamda o‘tgan asr oltmishinchi yillarida barpo qilingan 2-son umumta’lim maktabini ta’mirlash va 3-o‘quv binosi tomiga shifer o‘rnatish uchun jami 1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Xuddi shunday, “Rabotiqalmoq” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 18-son umumta’lim maktabi, “Shergiron” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 22-son, “Ko‘chko‘mar” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 6-son, “So‘fikorgar” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 7-son, “Amirobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 26-son umumta’lim maktablarida ta’mirlash-obodonlashtirish ishlari uchun davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘ evaziga joylarda xayrli ishlar, ertamiz egalarining talab darajasida o‘qishi uchun munosib shart-sharoit yaratilmoqda.
E’tiborli jihati, 2021 yilda tajriba-sinov tariqasida boshlangan “Tashabbusli byudjet” sa’y-harakati bugunga kelib yirik loyihaga aylandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri