Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tashabbusli byudjet”: Ushbu mavsum doirasida g‘olib deb topilgan loyihalar 1 ming 782 tani tashkil etdi
17:03 / 2022-10-26

Prezidentimizning “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, “Tashabbusli byudjet” jarayonining joriy yil ikkinchi mavsumi doirasida g‘olib deb topilgan 1 ming 418 ta loyihalarga qo‘shimcha har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, biroq g‘olib deb topilmagan 364 ta loyihani amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 335 milliard so‘m mablag‘ ajratish nazarda tutildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, joriy yil ikkinchi mavsum yakunlarining dastlabki natijalariga ko‘ra 1 ming 418 ta loyiha g‘olib deb topilgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun tuman va shahar byudjeti mablag‘lari hisobidan 1 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.

Respublika byudjetidan ajratilgan qo‘shimcha mablag‘lar doirasida fuqarolar tomonidan ilgari surilgan 110 ta umumta’lim maktablarini joriy ta’mirlash va jihozlash, 113 ta mahallada ichki yo‘llarni ta’mirlash, 16 ta maktabgacha ta’lim muassasalarini ta’mirlash va jihozlash, 49 ta sog‘liqni saqlash tashkilotlarini ta’mirlash va jihozlash kabi loyihalar qo‘shimcha ravishda moliyalashtirilishi belgilandi.

Natijada, ikkinchi mavsum uchun ajratilgan jami mablag‘lar miqdori 1,3 trillion so‘mni tashkil etib, ushbu mavsum doirasida g‘olib deb topilgan loyihalar soni 1 ming 782 tani tashkil etdi. G‘olib deb topilgan loyihalarga berilgan ovozlar soni jami 5 ming 630 mingtani yoki jami berilgan ovozlarning 72 foizini, g‘olib deb topilgan loyihalar joylashgan mahallalar soni 1 ming 563 tani tashkil etdi.

Endilikda loyihalar mahallabay tarzda shakllantiriladi. Qarorga ko‘ra, 2023 moliya yilidan boshlab, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar jamoatchilik fikri asosida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish yo‘li bilan aniqlanishi belgilanmoqda. Unga ko‘ra, aholi tomonidan amalga oshirilishi taklif etilayotgan tadbirlar har bir mahalla bo‘yicha bitta loyihalar paketi shaklida ovozga qo‘yiladi.

Ma’lumot uchun, loyihalar paketi uchun ajratiladigan mablag‘lar cheklangan miqdorini 8 milliard so‘m etib belgilash, dasturlarni moliyalashtirish uchun har yili Davlat byudjetidan kamida 4 trillion so‘m yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.

Kelgusi yildan boshlab har bir tuman va shaharda 6 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan mablag‘lar ajratilishi hisobiga kelgusi yilda “Tashabbusli byudjet” jarayonlari uchun 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirilishi kutilmoqda. Buning natijasida, 53 ta tuman va shaharda (tasdiqlanadigan byudjetlari miqdori kam bo‘lishiga qaramay) 6 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda. Misol uchun, G‘azg‘on shahrida 2022 yilda 900 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2023 yildan boshlab mazkur hududga 6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Viloyat byudjetlari qo‘shimcha manbalarining 30 foizi ham endilikda “Tashabbusli byudjet” jarayoniga yo‘naltiriladi.

Joylarda fuqarolarni qiynab kelayotgan dolzarb muammolarni hal etilishi ko‘lamini kengaytirish maqsadida 2023 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar byudjeti qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi ham fuqarolar fikri asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi belgilanmoqda.

2023 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA