Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Tashabbusli byudjet" tufayli ko‘chalar obod bo‘lmoqda
17:11 / 2025-06-18

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan "Tashabbusli byudjet" yoki "Open budjet" loyihasi mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini isloh qilish, mavjud moliyaviy imkoniyatlarni eng muhim masalalarga jalb etish, byudjet sarfi jarayonining shaffof va ochiqligini ta’minlash, qolaversa, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, fuqarolarning jamiyat hayotida faol ishtiroki va dahldorlik hissini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

"Tashabbusli byudjet" jarayonlarini qonuniy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yil 13 aprelda "Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorlari qabul qilingan. Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi 53 mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham shunday ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jumladan, "Joyilma", "Tamaddun", "Saurtepa", "Oqkamar", "Hurlik", "Qoraariq" va "Yalti" mahallalaridagi ichki ko‘chalarga asfalt yotqizilmoqda. Bu ishlarning natijasida endilikda qishloq yo‘llari yozda chang, qishda loy bo‘lmaydi, aholi tuproq kechib yurishdan ozod bo‘ladi.

Tashabbusli byudjet loyihasining 2025 yil 1-mavsumi uchun 2025 yil 1 fevraldan 20 fevral sanasigacha takliflar qabul qilindi. Ushbu davrda Sho‘rchi tumani bo‘yicha jami 120 ta takliflar bildirildi. 2025 yil 21 fevraldan 7 mart sanasigacha Moderatsiya jarayonlari, ya’ni kiritilgan takliflar "Jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish, baholash, tanlab olish hamda ijrosini monitoring qilish bo‘yicha ishchi komissiyasi" tomonidan o‘rganilib, 103 taklif tanlab olindi. Ishchi komissiya a’zolari tomonidan fuqarolarning tashabbusi bilan berilgan 17 ta takliflar belgilangan mezonlarga mos kelmaganligi sababli rad qilindi. 2025 yil 11 martdan 21 mart sanasigacha ovoz berish jarayonlari o‘tkazildi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra tasdiqlangan 103 ta taklifdan 51 tasiga fuqarolar tomonidan jami 57 341 dona ovoz berilgan. 

Joyilma mahallasi raisi Nurbek Hayitov mazkur islohotlarning aholining turmush tarziga bo‘lgan ijobiy ta’siri haqida shunday deydi:

— Mutasaddi rahbarlar va mahallamiz faollari tashabbusi bilan mahallamizdagi muammolar bosqichma-bosqich ijobiy hal etilmoqda. Fuqarolarning ishtirokida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar har birimizni quvontirmoqda. Ayni vaqtda mahallamizning Anhor ko‘chasiga asfalt yotqizilmoqda. Bundan tashqari "Paxtakor", "Istiqlol", "Bunyodkor", "Farovon" ko‘chalariga ham asfalt yotqiziladi. Hozirda yurtimizning olis qishloqlarida chang-to‘zon va loyli ko‘chalarning muammosi bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Uzoq yillar davomida nazardan chetda qolgan ko‘chalar asfaltlanib, aholi uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratilmoqda. Bu islohotlar har bir fuqaroning qalbida shukronalik hissini uyg‘otmoqda.

Albatta, ravon va tekis yo‘llar fuqarolar uchun uzoqni yaqin qiladi, har bir yo‘lsozning mehnati esa yurtdoshlarimizga xavfsiz va qulay harakatlanish imkoniyatini yaratadi. Zero, davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida nafaqat shaharlarda, balki eng chekka qishloqlarda ham aholi turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

– Necha yillardan buyon kichik ichki yo‘llarimizni ta’mirlashga, asfaltlashga harakat qilib kelardik, –deydi Joyilma mahallasining "Anhor" ko‘chasida yashovchi Abdumajid Xolyorov. – Lekin ijobiy natijaga erisha olmayotgandik. "Tashabbusli byudjet" tanlovida qatnashib, g‘olib bo‘ldik. Bundan mahalla ahlining quvonchi cheksiz. Nasib etsa, endi yillar davomida yozda chang, qishda loy ko‘chalarimiz asfaltlanadi, yo‘l muammosi odamlarni qiynamaydi. Yo‘llarimiz asfaltlanayotgani mahallamizga yanada fayz kiritmoqda. Aholining, ayniqsa, qishloqlardagi turmush sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar fuqarolarni birdamlikka va ezgu maqsadlarga chorlamoqda. Zero, ahillik va hamjihatlikda hikmat bor.

Bir so‘z bilan aytganda, yo‘lsozlar, yo‘l quruvchilar tomonidan "Tashabbusli byudjet" tanlovida g‘olib bo‘lgan loyihalar doirasida belgilangan ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish uchun zarur barcha ishlar olib borilmoqda. 

Nigina Shoyeva, jurnalist