Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tashabbusli byudjet” Surxondaryoda muhim ijtimoiy masalalarni hal etmoqda
14:46 / 2025-02-01

Mamlakatimizda byudjet mablag‘larining bir qismini jamoatchilik fikri asosida aholi duch kelayotgan ijtimoiy muammolar yechimini moliyalashtirishga yo‘naltiradigan “Tashabbusli byudjet”ning 2025 yildagi birinchi mavsumiga start berildi.

Surxondaryo viloyatida ham aholi yechimini izlayotgan muammolarini o‘z tashabbuslari asosida hal etishda faol qatnashib, ko‘plab loyihalarning g‘olibiga aylanmoqda. Jumladan, o‘tgan yil bu jarayonning 1-2 mavsumlarida viloyatdagi 413,8 milliard so‘mlik 326 loyiha g‘olib deb topilgan edi. Shunga muvofiq 119 ta loyiha bo‘yicha mahallalarda ichki yo‘llarni ta’mirlash, 73 ta maktabni ta’mirlab, moddiy texnik bazasini mustahkamlash, 1 ta maktabgacha ta’lim muassasasini ta’mirlash, 10 ta mahallada ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, 65 ta tibbiyot muassasasida sharoitlarni yaxshilab, zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash, 58 ta boshqa yo‘nalishdagi loyihalarga mablag‘ ajratildi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan davrda 132 ta qurilish va 65 ta xarid yo‘nalishidagi loyihalarda ishlar yakunlanib, muammo mahalliy aholi tashabbusi bilan hal etildi. Masalan, Sariosiyo tumanidagi Shoqishloq mahallasida o‘tgan yil birinchi mavsumga “Mahalladagi futbol stadioni hududidan zamonaviy sport zal qurish” loyihasini kiritib, ovoz berish jarayonlarida 3 ming 971 ta ovoz to‘pladi va g‘oliblar safidan o‘rin oldi. Loyiha uchun 1 milliard 360 million so‘m mablag‘ ajratilib, mahalla yoshlari uchun zamonaviy sport zal qurib berildi.  

Boysun tuman sport maktabining “Alpomish” o‘yingohi hamda Termiz olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining 300 o‘rinli o‘quvchilar yotoqxonasini joriy ta’mirlash, respublika tez tibbiy yordam markazi Angor tumani tez tibbiy yordam stansiyasi uchun yangi bino qurish, Sho‘rchi tumanidagi Joyilma mahallasining 3,5 kilometr ichki yo‘liga asfalt qoplamasi yotqizish masalasi ham “Tashabbusli byudjet” orqali hal etildi.  

Bandixon tumanidagi Paxtakor mahallasi aholisi “Tashabbusli byudjet”ning 2-mavsumida “Mahalladagi Do‘stlik va Ashurxon ko‘chalarining 3 kilometr qismiga asfalt yotqizish” loyihasida 8 ming 222 ta ovoz to‘plab, g‘olib bo‘ldi. Natijada 1 milliard 360 million so‘m mablag‘ ajratilib, mahallaning 3 kilometr ichki ko‘chasiga asfalt qoplamasi yotqizildi.  

Qumqo‘rg‘on tumanining To‘g‘on mahallasidagi Yonbosh va Oboqli aholi punktida yashaydigan insonlarni ichimlik suv masalasi o‘ylantirib kelayotgan edi. Bu muammoning yechimi ham hudud ahlining ochiq byudjet jarayonida ishtiroki bilan yechim topdi. Ular taklif etgan loyiha g‘olib, deb topilgach, 1 milliard 360 million so‘m mablag‘ evaziga bitta suv inshooti qurilib, 6,5 kilometr ichimlik suv quvuri tortildi. Bunday xayrli tashabbus evaziga 650 nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 350 nafar iste’molchining toza ichimlik suv ta’minoti tubdan yaxshilandi. Bu jarayonda loyihalarga ajratilgan mablag‘ning sarflanishi va ishlarning sifatli bajarilishini keng jamoatchilik nazorat qilayotgani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.

Ayni paytda vohada “Tashabbusli byudjet”ning o‘tgan yil mavsumlaridagi oltita xarid va 123 ta qurilish loyihasida ishlar davom etmoqda. Shuningdek, joylarda “Ochiq byudjet” portali orqali joriy yil birinchi mavsumi uchun aholi fikri asosida yangi loyihalarni shakllantirish boshlandi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri