Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashabbusli byudjet: qishloqqa ichimlik suv keldi
16:42 / 2022-02-19

Mamlakatimizda tashabbusli byudjet jarayoni natijalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar jamiyatdagi mavjud ijtimoiy muammolarni yechilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida ham bu borada muayayn ishlar bajarilmoqda.

– Moliya vazirligi tomonidan ochilgan Ochiq byudjet (openbudget.uz) portali orqali o‘tgan yili fuqarolar tomonidan tuman bo‘yicha 94 ta taklif shakllantirilgan, – deydi Uchko‘prik tumani moliya bo‘limi xodimi Muhammadislom Aliyev.–Ulardan ishchi guruh tomonidan nizom talabalariga asosan saralangan 77 ta va rad etilgan 17 ta taklif egalariga tegishli tartibda xabarnoma yuborildi. Shundan so‘ng qabul qilingan 13 milliard 264 million so‘mlik taklifga ovoz berish jarayonlari bo‘yicha joylarda sayyor uchrashuvlar o‘tkazilib, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. 
2021 yil 13 avgustdan 2 sentyabrgacha bo‘lgan davr davomida o‘tkazilgan ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra, fuqarolar tomonidan 77 taklifga 9 ming 481 ta ovoz berildi. Eng ko‘p ovoz olgan 7 ta taklif g‘olib deb topildi. Ushbu takliflarning qiymati 1 milliard 165 million 348 ming so‘mni tashkil etdi.
Shu asosda dastlab tumandagi 21-umumta’lim maktabida bo‘sh turgan bino ta’mirlanib, o‘quvchilar va maktab jamoasi uchun zamonaviy oshxona tashkil etildi. Ushbu ishlarga tashabbusli byudjet hisobidan 120 million so‘m mablag‘ sarflandi. "Soybo‘yi" mahalla muqarolar yig‘ini Kichik qashqar qishlog‘i aholisini uzoq yillardan beri ichimlik suvi muammosi qiynab kelardi. Ushbu qishloqda yashovchi fuqarolar ichimlik suvini qariyb bir yarim kilometr masofadan tashib kelishga majbur edi. Ayniqsa, yozning jazirama kunlarida bu muammo aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lardi. Ushbu muammoga ham tashabbusli byudjet jarayoni yechim bo‘ldi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun 200 million so‘m mablag‘ ajratilib, yangi suv minorasi o‘rnatildi va 2 ming metr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Natijada hududdagi 200 dan ortiq xonadonga toza ichimlik suv kirib bordi.
–Tashabbusli byudjet jarayoniga qishlog‘imizni ichimlik suv bilan ta’minlash bo‘yicha loyihamni kiritdim. Jarayon yakunida 2 ming 198 ta ovoz to‘plab, yutib chiqdik, – deydi Kichik qashqar qishlog‘ida yashovchi Muxtorjon Rahmatov. – Ochig‘i, dastlab bu harakatimiz natija berishiga ishonmagan edim. Ovoz yig‘ish jarayonida loyiha haqida mahalladoshlarimga ham aytdim, lekin ko‘pchilikni ishongisi kelmadi. Bu ishlar amalda bajarilib, qishlog‘imizga ichimlik suv kelgach, keyin ishonishdi. Bugun odamlarda mana bo‘larkanu, degan tushuncha, loyihani yutib olsak, qilib berisharkan, degan ishonch paydo bo‘ldi. Bugun oddiy qishloq aholisida ham mana shunday imkoniyat paydo bo‘ldi. O‘zlari taklif kiritib, o‘zlari faollik ko‘rsatib, tashabbusli byudjetdan mablag‘ yutib olishi, muammolarini hal etishi mumkin. Mana shunday imkoniyatdan bizning qishloq aholisi ham unumli foydalandi. 
Umuman olganda mazkur sa’y-harakatlar natijasida hududlardagi shu paytgacha yig‘ilib qolgan ko‘plab muammolarga ijobiy yechim topildi.

M.Sulaymonov, O‘zA