Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tashabbusli byudjet”: maktablarni ta’mirlash va jihozlash fuqarolar uchun eng muhim masala
19:20 / 2023-05-08

Ma’lumki, “Tashabbusli byudjet” loyihasining joriy yilgi birinchi mavsumi 2023 yilning 6 fevralidan boshlandi. Mavsum doirasida 9 ming 441 ta mahalla fuqarolari tomonidan jami 55 ming 970 ta loyiha kelib tushgan. Ulardan 33 ming 700 tasiga ovoz berish jarayoniga o‘tkazilgan.

Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga yo‘naltirilgan mablag‘lar doirasida 1 ming 419 ta mahallada umumiy qiymati 1,5 trillion so‘mni tashkil etgan jami 1 ming 666 ta loyiha g‘olib, deb topildi. Ushbu loyihalar uchun fuqarolar tomonidan jami 7,7 milliondan ortiq ovoz berilgan.

Xo‘sh, "Tashabbusli byudjet"da g‘olib bo‘lgan loyihalar hududlar kesimida qanday kechdi?

Shu kabi savollarga javob olish maqsadida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Salomjon BEKMURODOVga yuzlandik.

– Avvalo, ushbu “Tashabbusli byudjet” loyihasi keng ommalashgani va uning asl mohiyatini xalqimiz tushunganini alohida qayd etish kerak, – dedi S.Bekmurodov. – Buni jarayonda ularning faol ishtirokidan ham ko‘rish mumkin. Negaki, har bir fuqaro o‘zi yashab turgan mahallada qanday muammolar borligini yaxshi biladi va ularni yechish maqsadida loyihada ishtirok etmoqda.

Joriy yilning birinchi mavsumida fuqarolarimiz aniq maqsadlar bilan chiqqanini yakuniy natijalarda yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Shu o‘rinda, loyihada qatnashgan eng faol hududlar haqida to‘xtalib o‘tsam. Ovoz berish jarayonida Qashqadaryo (47 foiz), Farg‘ona (45,8 foiz) va Navoiy (39,7 foiz) viloyatlarida istiqomat qiluvchi eng faol ishtirok etgani aniqlandi. Tuman darajasida esa g‘olib loyihalar orasida Yakkabog‘, O‘zbekiston, Uchko‘prik, Chiroqchi, Koson tumanlaridagi loyihalarini amalga oshirish uchun eng ko‘p ovoz to‘plangan.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, maktablarni ta’mirlash va jihozlash fuqarolar uchun eng muhim masala ekani ma’lum bo‘ldi. Bu yo‘nalishdagi loyihalar uchun jami 4,7 millionta ovoz to‘plangan. Mazkur loyihalarga tashabbusli byudjet uchun ajratilgan mablag‘ning 42 foizi (1,18 trillion so‘m) yo‘naltirilgan.

Ustuvorlik darajasi bo‘yicha keyingi o‘rinlarda ichki yo‘llarni ta’mirlash (3,7 millionta), sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash va jihozlash (1,4 millionta) hamda maktabgacha ta’lim muassasalari holatini yaxshilash (465 mingta) bo‘yicha takliflar joy olgan.

– “Tashabbusli byudjet”ga taqdim etilgan loyihalarda qaysi yo‘nalishlar dolzarblicha qolmoqda?

– Sohalar dolzarbligiga kelsak, umumta’lim maktablarini ta’mirlash va jihozlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, sog‘liqni saqlash muassasalari holatini yaxshilash tadbirlari loyihalardagi eng asosiy yo‘nalishlardir.

Shundan kelib chiqib, g‘olib loyihalarga berilgan umumiy ovozlarning 81,3 foizi aynan shu sohalarga tegishli. Masalan, umumta’lim maktablari holatini yaxshilash uchun to‘plangan ovozlar soni bo‘yicha Namangan (hududiy ovozlarning 63,1 foizi), Buxoro (54,9 foiz) viloyatlari va Toshkent shahri (61,6 foiz) yetakchilik qilgan.

Mazkur yo‘nalishdagi masalalar boshqa hududlarda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan holda yuqori ulushga ega bo‘lgan. G‘olib loyihalar to‘plagan umumiy ovozlarning 30,6 foizi fuqarolar tomonidan ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun berilgan. Bu yo‘nalishda Qashqadaryo (hududiy ovozlarning 65,8 foizi), Farg‘ona (44,3 foiz) va Toshkent (36,2 foiz) viloyatlari eng ilg‘or hududlar sifatida qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash muassasalari holatini yaxshilashga qaratilgan loyihalar uchun berilgan ovozlar umumiy ovozlarning 11,6 foizini tashkil etib, Toshkent shahri (22,9 foiz), Navoiy (20,5 foiz) va Buxoro (19,8 foiz) viloyatlari bu sohada yetakchilik qilgan.

– Bu yilgi jarayonda chekka tuman va qishloqlardan taqdim etilgan loyihalar soni ham o‘tgan yilgiga nisbatan yanada oshgan. Ovoz berish jarayonida qaysi mahalla g‘oliblikni qo‘lga kiritdi?

– Yuqorida qayd etganimdek, ularda ham maktab, ichki yo‘llar va sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini yaxshilash masalalari ustuvordir.

Bunda sohalar kesimida eng faol tumanlar ishtirokiga kelsak, umumta’lim maktablarini ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini yaxshilash bo‘yicha Namangan shahri, Yangiqo‘rg‘on, Qo‘shko‘pir, Asaka va Pop tumanlari, ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha Yakkabog‘, Koson, Chiroqchi, Oltinsoy, O‘zbekiston tumanlari va sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash hamda moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha Samarqand, Buxoro, Namangan, Navoiy va Urganch shaharlarini aytish mumkin.

Eng faol mahallalar bo‘yicha Qashqadaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ekanligi ma’lum bo‘ldi: Yakkabog‘ tumanidan “Darxon” (87,1 mingta ovoz), “Yangi hayot” MFY (80,4 mingta) hamda Uchko‘prik tumanidagi “Katta Qashqar” MFY (46 ming) mahallalari eng ko‘p ovoz to‘plagan.

Bunda yakuniy natija shuki, Shahrisabz tumanidagi “Xitoy” mahallasi 6 ta, Norin tumani “Bo‘ston” mahallasi 5 ta, Yakkabog‘ tumani “Darxon” va “Yangi hayot” mahallalari 4 tadan loyihada g‘olib bo‘lgan.

Muxtasar aytgan, “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun to‘plangan ovozlar ushbu hududda mavjud muammolarning nechog‘lik dolzarb ekanini ko‘rsatish bilan birga, aholining mavjud muammolarga befarq emasligini ham tasdiqlaydi. Umuman olganda, so‘nggi yillarda tashabbusli byudjetlashtirish aholini byudjet mablag‘larini taqsimlash jarayoniga jalb etish orqali muhim ijtimoiy muammolarni hal qilish imkonini beruvchi moliyaviy dastakka aylanib bormoqda.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.