Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tashabbusli byudjet”: mahallalardagi yo‘l bilan bog‘liq muammolar hal etilmoqda
14:42 / 2025-08-14

“Tashabbusli byudjet” loyihasi mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini isloh qilish, mavjud moliyaviy imkoniyatlarni eng muhim masalalarga jalb etish, byudjet sarfi jarayonining shaffof va ochiqligini ta’minlash, qolaversa, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, fuqarolarning jamiyat hayotida faol ishtiroki va dahldorlik hissini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur loyiha doirasida Andijon viloyatidagi yuzlab mahallalarning yo‘llari asfaltlanmoqda, yillar davomida odamlarni qiynab kelayotgan yo‘l bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilmoqda. Buni viloyatning olis tumanlaridagi chekka mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

“Tashabbusli byudjet” jarayonining 2025 yil 1- mavsumida Bo‘ston tumanidagi ichki yo‘llarni asfaltlash bo‘yicha umumiy qiymati 8 milliard 393 million so‘m bo‘lgan 6 ta loyiha g‘olib, deb topilgan edi. Ana shu loyihalar doirasida buyurtmachi tashkilot – “Andijon mintaqaviy yo‘llar” davlat unitar korxonasi tomonidan tumandagi Xovos mahallasining Lolazor, Mehnatobod mahallasidagi Muruvvat, Ravnaq, Guliston mahallasidagi Gulzor, Yangiqishloq mahallasidagi Jiydazor, Obod mahallasidagi  Beshqo‘rg‘on, Yoshlik, Tiklanish hamda Maorif mahallasidagi Turon, Kamolot ko‘chalarini asfaltlash ishlari olib borilmoqda.  

–Mahallamiz tumandagi katta mahallalardan biri hisoblanadi, 6 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi Bo‘ston tumanidagi Yangiqishloq  mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Xayriddin Jo‘rayev. -  Necha yillardan buyon ichki yo‘llarimizni ta’mirlashga, asfaltlashga harakat qilib kelamiz. Lekin ijobiy natijaga erisha olmayotgandik. “Tashabbusli byudjet” tanlovining joriy yil 1- mavsumida qatnashib, ko‘chalarimizni asfaltlash uchun 1 milliard 406 million so‘m yutdik. Ana shu mablag‘ hisobiga mahallamizning Jiydazor ko‘chasi asfaltlandi. Bundan  mahalladoshlarimizning quvonchi cheksiz.  

Darhaqiqat, loyiha doirasida mazkur mahallaning 2,4 kilometrlik Jiydazor ko‘chasi “Madina Big Building” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchi-yo‘lsozlari tomonidan sifatli asfaltlandi. Natijada mahalla aholisini yillar davomida qiynab kelgan yo‘l muammosi to‘la bartaraf etildi. Bundan yoshu keksa behad xursand.

– Bugun yurtimizdagi o‘zgarishlardan, bunyodkorlik ishlaridan kishining aqli shoshadi, – deydi Yangiqishloq mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Tojiddin Mo‘ydinov. – Uzoqqa bormaylik, viloyatimizning olis hududlaridan biri bo‘lgan birgina bizning mahallamizda keyingi bir necha yil ichida katta xajmdagi qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Mahallamiz qiyofasi butunlay yangicha ko‘rinishga keldi. Ayniqsa, yozda chang, qishda loy ko‘chalarimiz kengayib, asfalt yotqizilganligidan juda xursandmiz. Buni ko‘rib bolajonlar – farzandlarimizning quvonganini aytmaysizmi?  

[gallery-24755]

Yo‘lsozlar tomonidan mahallalarda “Tashabbusli byudjet” tanlovida g‘olib bo‘lgan loyihalarda belgilangan ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish uchun barcha zarur ishlar olib borilmoqda.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari