Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani hokimligi axborot xizmati tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun 2024 yilda tashabbusli byudjet mablag‘i asosida qurilgan ob’ektlarga press-tur tashkil etildi.
So‘nggi yillarda fuqarolar takliflari asosida shakllangan “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada takomillashtirish, ilg‘or axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda aholining faol ishtirokini yanada kengaytirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan loyihalarni shakllantirish, tanlash, tanlov g‘oliblarini aniqlashda inson omilini imkon qadar qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari dastlab, “Mamiy” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 11-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrif buyurdi. Ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti ochiq byudjet tadbirlarining ikkinchi mavsumida ishtirok etib, yashil qoplamali bolalar maydonchasi barpo etish bo‘yicha taklif bildirgan edi. Ushbu ob’ekt ochiq tanlovda jami 896 ta ovoz to‘plab, g‘olib deb topildi.
[gallery-23574]
Qurilish loyihasini “Shaxsayfun” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan jami 560 million 71, 5 ming so‘mlik qurilish ishlari olib borilib, bugungi kunda foydalanishga topshirildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari yangidan barpo etilgan yashil qoplamali bolalar maydonchasi bilan yaqindan tanishdi va bolajonlar tomonidan tayyorlangan ajoyib konsert dasturini tomosha qildi.
Navbatdagi manzil “Dehqonobod” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining yashil qoplamali sport maydonchasi bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari maktab hayoti va sport maydoni bilan yaqindan tanishdi. Tashabbusli byudjetning birinchi mavsumida mazkur maktab o‘z taklifi bilan ishtirok etib, g‘olib deb topildi. Natijada maktabning ochiq sport maydoni o‘rnida yashil qoplamali futbol, voleybol va basketbol maydonchalari qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu ob’ektda “Orolbo‘yi quruvchilari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan jami 902 million 706 ming so‘mlik qurilish ishlari olib borildi. Sport maydonlarining bitkazilishi natijasida chekka ovul yoshlarining muntazam sport bilan shug‘ullanishi uchun qulayliklar yaratildi.
“Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabini jihozlash bo‘yicha tashabbusi 724 ovoz bilan g‘olib deb topildi. Shu asosda maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida kompyuter to‘plamlari, elektron doskalar, xonalarga yoritish chiroqlarini o‘rnatish, laboratoriya xonalari uchun zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. “Munchoqli” mahalla fuqarolar hududidagi kasb-hunar maktabi ham 1 ming 47 ovoz to‘plab g‘olib deb topildi. Loyiha bo‘yicha maktabning ishlab chiqarish ustaxonasida “Ustyurt trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan jami 1 milliard 189 million so‘mdan ziyod ta’mirlash ishlari amalga oshirildi va bugungi kunda foydalanishga topshirildi.
Ta’kidlash joizki, “Tashabbusli byudjet”ning 2024 yil 1- va 2-mavsumida tuman aholisining 16 ta loyihasi g‘olib deb topildi va ularga 14 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Shu asosda qishloq aholisini qiynab kelayotgan muammolar ijobiy yechimini topmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA