Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tashabbusli byudjet”: loyihalar aholi takliflari asosida moliyalashtirilmoqda
12:33 / 2023-01-27

Davlat byudjeti shakllanishi va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga aholini faol jalb etish, joylardagi dolzarb muammolarni hal etishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish muhim.

Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 13 aprelda qabul qilingan “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bu borada dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.  

Mazkur hujjatda 2021 yil may oyidan boshlab har bir viloyatdan bittadan shahar va tuman (ilovaga muvofiq) va 2022 yil  1 yanvardan shahar, tumanlarda tegishli byudjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilishi bo‘yicha yangi tartibni bosqichma-bosqich joriy etish belgilab berildi.  

Ushbu mablag‘lar shahar va tuman hokimliklarida byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari shaklida ochiladigan “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanib, bu pullarni boshqa maqsadlarga ishlatish qat’iyan taqiqlandi.

Namangan viloyatida 2021 yilda “Tashabbusli byudjet” jarayoni uchun jami 34 milliard 529 million 300 ming so‘m mablag‘ shakllantirilib, uchta bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda - tashabbuskor fuqarolar tomonidan o‘zlarining shahar yoki tumandagi muammolarini bartaraf etish bo‘yicha 4 ming 414 ta taklif “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirildi. Ikkinchi bosqichda - maxsus ishchi komissiya tomonidan mezonlarga muvofiqligi, tadbirlarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rgangan holda 3 ming 301 ta taklif saralab olindi. Uchinchi bosqichda - saralab olingan  takliflarga jami 100 ming 705 ta ovoz berilib, 117 ta loyiha g‘olib, deb topildi.  

– O‘tgan 2022 yil viloyatda “Tashabbusli byudjet” jarayonining birinchi mavsumi uchun jami 82,1 milliard so‘m mablag‘ shakllantirildi, 1 fevraldan 1 aprelga qadar uch bosqichli jarayonlar o‘tkazildi, – deydi Namangan viloyati Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Zuhriddin Bahriddinov. – Dastlabki bosqichda tashabbuskor fuqarolar tomonidan 4 ming 912 ta taklif “Ochiq byudjet” axborot portaliga kiritildi. Ikkinchi bosqich maxsus ishchi komissiya tomonidan 3 ming 696 ta taklif saralab olindi. Keyingi bosqichda muvaffaqiyatli o‘tgan takliflar uchun 839 251 ta ovoz berildi va 144 ta taklif g‘olib, deb topildi. Shuningdek, davlat rahbarining 2022 yil 7 apreldagi “Tuman va shahar byudjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada qo‘llab quvvatlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2 mingdan ziyod ovoz to‘plangan, biroq g‘olib deb topilmagan 17 ta loyihaga qo‘shimcha 11,5 milliard so‘m, jami 161 ta taklifga 93,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Elektron platformaning ikkinchi mavsumi uchun jami 91,0 milliard so‘m shakllantirilib, bu jarayon 2022 yilning 15 iyulidan 17 sentyabriga qadar davom etdi. Bunda, viloyatdagi 791 ta mahalladan muammolar bo‘yicha o‘rtacha 5 tadan jami 4065 ta taklif “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirildi. Maxsus ishchi komissiya o‘rganishlariga ko‘ra, 3 ming 407 ta taklif saralab olindi. Ovoz berish yakuni bo‘yicha esa 85,3 milliard so‘mlik 114 ta taklif asosida bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni  moliyalashtirish ko‘lamini  kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Ikkinchi mavsum” ovoz berish jarayonlari yakuni bo‘yicha 2000 tadan ortiq ovoz berilgan, biroq g‘olib bo‘lmagan 38 ta tashabbus uchun qo‘shimcha 34,6 milliard so‘m  ajratildi.

Fuqarolar tomonidan berilgan takliflarning 33,4 foizi ichki yo‘llar, 20,2 foizi ta’lim maskanlarini ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, 8,2 foizi ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga, 8,1 foizi bolalar bog‘chalarini rivojlantirish bo‘yicha berilgan.

– “Tashabbusli byudjet” eng dolzarb muammolarni hal etishda qo‘l kelmoqda, –  deydi Kosonsoy tumanidagi 18-sonli umumta’lim maktabi direktori Adhamjon G‘aniyev. – Tumandagi Gulbog‘ mahallasi hududida joylashgan maktabimiz jamoasi ham faollik ko‘rsatib, 565 million so‘m mablag‘ oldik. Natijada 25 sotix yerda bolalar sport maydonchasi qurib bitkazildi. 

2023 yildan viloyat byudjetida shakllangan qo‘shimcha mablag‘larning 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun shahar va tumanlar “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armalariga mavjud aholi va mahallalar sonidan kelib chiqib, teng ulushlarda yo‘naltirilishi belgilandi.

Bundan tashqari “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan loyihalar jamoatchilik fikri asosida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. Joriy yilda shahar va tumanlar “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armalariga 652,4 mlrd.so‘m shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini moliyalashtirish xarajatlari uchun – 334,4 mlrd.so‘m mablag‘ o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlarida keng jamoatchilikning faol ishtirok etayotgani hududlardagi dolzarb muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, fuqarolar faolligi va nazoratini oshirish imkoniyatini beradi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA