English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tashabbusli byudjet”– jamoaviy fikrning hayotga ko‘chishi
18:36 / 2025-08-04

Yurt ravnaqi el ehtiyoji bilan hisoblashib ish tutishdan boshlanadi. Mana shunday ezgu g‘oya asosida yurtimizda “Tashabbusli byudjet” amaliyoti hayotga tatbiq etilgan. Bu faqat moliyalashtirish mexanizmi emas, balki xalqning davlat boshqaruvidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokini ta’minlash, jamoaviy fikrning hayotga ko‘chishiga zamin yaratish hamdir.

Bu mexanizm “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan biri bo‘lib, aholining ovoziga tayangan holda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, “byudjet – xalqniki” tamoyilini hayotga tatbiq etishda muhim vositaga aylanmoqda.

Strategiyada belgilangan asosiy vazifalardan biri – mahallalarni davlat va jamoatchilik o‘rtasidagi “tayanch ko‘prik” sifatida mustahkamlashdir. Shu maqsadda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquqiy asoslari yangidan ishlab chiqildi, mahalliy muammolarni hal etish uchun ajratiladigan mablag‘lar esa bir necha baravarga ko‘paydi. Jumladan, davlat strategiyasi mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, aholi ovoziga ko‘ra mablag‘larni taqsimlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda davlat moliyasi tizimida ochiqlik, hisobdorlik va samaradorlik tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. “Tashabbusli byudjet”  orqali mahalliy aholi infratuzilma, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi dolzarb masalalarni hal qilishda faol qatnashmoqda.

Shu bilan birga, jamoatchilik ishtirokini institutsional darajaga olib chiqish uchun “Ochiq byudjet” axborot portalida “Bir fuqaro — bir ovoz” tamoyili asosida ovoz berish tizimi joriy etildi. Har bir fuqaro o‘z mahallasi uchun eng zarur deb bilgan loyihalarni tanlab, ovoz beradi va bu orqali “davlat – mening fikrimni eshitadi” degan ishonch mustahkamlanadi.

2024 yil 30 yanvarda Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarini moliyalashtirish tartibini belgilab beruvchi Nizom qabul qilindi. Unga muvofiq, tuman (shahar) byudjetlarining kamida 5 foizi, viloyat va tuman miqyosidagi qo‘shimcha mablag‘larning kamida 30 foizi ushbu tashabbusga yo‘naltirilishi belgilandi. Bu esa xalq xohish-irodasining byudjet vositasida amalga oshishi uchun huquqiy kafolatdir. 

Eng muhimi, mazkur jarayonga keng jamoatchilikning qiziqishi va e’tibori yildan yilga ortib bormoqda. Zero, "Tashabbusli byudjet"ning 2025 yil birinchi mavsumida amalga oshirilgan loyihalar natijalari, jarayonning ahamiyatini hamda loyihalarning sifatli bajarilishi yuzasidan amalga oshirilgan jamoatchilik nazorati tadbirlari bu boradagi ishlarning keng qamrovini ko‘rsatib turibdi.

Loyihaning 2025 yilning 1-mavsumida 10 million 450 ming nafar fuqaro ovoz bergani — jamoatchilikdagi faollikning qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatadi. Aholi tomonidan 28 mingdan ziyod taklif bildirilgan va 23 mingdan ortiq loyiha ovozga qo‘yilgan. Ularning 82 foizi qo‘llab-quvvatlangan va 2369 ta loyiha g‘olib deb topilgan va ular uchun 3,3 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

Ushbu loyihalar asosan yo‘l ta’miri, maktab va shifoxonalarni obod etish, elektr va suv tizimlarini yaxshilash kabi aholi turmushini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaxshilaydigan sohalarni qamrab olgan.

Xususan, 964 ta loyiha ichki yo‘llarni ta’mirlashga, 699 tasi maktablarni ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini yaxshilashga, 247 tasi sog‘liqni saqlash muassasalarini rivojlantirishga, 60 tasi bog‘chalarni ta’mirlash va jihozlashga, 44 tasi ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish va ta’mirlashga, 34 tasi ichimlik suvi va oqova tizimini yaxshilashga, 321 tasi boshqa yo‘nalishlarga to‘g‘ri kelgan.

Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, aholi tomonidan eng ko‘p e’tibor mahallalar  infratuzilmasini yaxshilash va ta’lim muassasalarida tegishli sharoitlarni yaratishga qaratilgan. 

Albatta, mamlakatimizda davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning shaffofligi, samaradorligi va sifatli bajarilishini ta’minlash muhim. Ayniqsa, bu jarayonda fuqarolar o‘z harakati bilan moliyalashtirishni ta’minlayotgani  jamoatchilik nazoratini kuchaytirmoqda. 

Mazkur nazorat mexanizmi orqali aholi,  fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari  va nodavlat notijorat tashkilotlari qurilish, ta’mirlash va infratuzilma sohalaridagi ishlarning haqiqiy holatini kuzatish, ayrim muammolarni joyida aniqlash va ularning bartaraf etilishini ta’minlayapti.

Xususan, Nishon tumanidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan “Tashabbusli byudjet”da g‘olib deb topilgan ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizish, yo‘llarni shag‘allashtirish, beton ustunlar va transformatorlar o‘rnatish, umumta’lim maktablarini ta’mirlash, piyodalar yo‘laklari hamda yordamchi binolar qurishga oid 11 ta loyihaning sifatli bajarilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringlari tashkil etilgan.

Monitoringlar jarayonida bir qator kamchilik va qonun buzilish holatlari aniqlangan. Jumladan, mahallalar aholisiga loyiha qiymati, amalga oshirish jarayoni va foydalanishga topshirish muddatlari haqida yetarli ma’lumot berilmasligi, qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishi va kechiktirilishi, shuningdek, texnika xavfsizligi talablariga rioya etilmasligi kabi holatlar kuzatilgan. Kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli qurilish tashkilotlari rahbarlari nomiga 9 ta holatda “Mahalla raisi so‘rovi” kiritilib, yo‘l qo‘yilgan holatlar bartaraf etilgan. 

Muborak tumanidagi “Sariq” va “Qarliq” mahallalari tomonidan esa loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan ichki yo‘llarni qurish va asfaltlashtirish ishlarining holati monitoring qilingan. Natijada, belgilangan parametrlarga rioya etilishi, qurilish sifatining davlat standartlariga muvofiqligi ta’minlanishi hamda aholi fikrlarining inobatga olinishiga erishilgan.

Shuningdek, “Yuksalish” harakati viloyat bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringlarida “Tashabbusli byudjet”da g‘olib bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish va ularni sifatli amalga oshirish bo‘yicha bajarilgan ishlar o‘rganilgan hamda aholining bu haqdagi fikrlariga e’tibor qaratilib, ulardan taklif va tavsiyalar olingan.

Qisqasi, jamoatchilik ishtirokidagi monitoringlar loyihalar bo‘yicha mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi yuzasidan aniq takliflarni manfaatdor davlat idoralariga yetkazish imkonini yaratgan. Bu esa mazkur jarayonning amaliy samaradorligini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, “Tashabbusli byudjet”   har bir mahalladagi muammoni, har bir xonadondagi ehtiyojni, har bir fuqarodagi umidni davlat eshitishi va tushunishining yaqqol namunasidir. Mazkur jarayon xalq bilan davlat o‘rtasidagi sukutni suhbatga, befarqlikni faollikka, befoyda shikoyatni mantiqiy taklifga aylantirishning mustahkam vositasidir. Zotan, yurt taraqqiyoti bir tomonlama qarorlar bilan emas, balki ikki tomonlama ishonch va hamkorlik bilan yuzaga keladi.

Bahrom Eshquvvatov,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi

O‘zA