Fan, ta’lim, madaniyat, axborot-kommunikatsiya va insoniyat merosini asrab-avaylash yo‘nalishidagi faoliyatlar millatlararo tinchlikni ta’minlash hamda dunyo jamiyatida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
1945 yildan buyon ayni shu yo‘nalishda dunyoning 200 ga yaqin davlatini birlashtirib kelayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YUNESKOning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib bormoqda.
Tashkilot o‘tgan yillar davomida dunyo bo‘yicha savodsizlikka qarshi kurashish va sifatli ta’limni rivojlantirish, bu orqali millatlararo inson huquqlari, tinchlik, bag‘rikenglik, shuningdek barqaror taraqqiyot g‘oyalarini ilgari surish, ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilish barobarida, jahon madaniy merosini asrash va avlodlarga yetkazish, jamiyatda raqamli tenglikni ta’minlash, axborot texnologiyalaridan tinchlik yo‘lida foydalanishni rag‘batlantirish borasidagi vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.
Joriy yilda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ilk bor mamlakatimizda o‘tkazilmoqda va bu bejiz emas, albatta. Boisi, 200 ga yaqin davlatdan tashrif buyurgan 2800 dan ziyod vakillar ishtirokida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan mazkur nufuzli tadbirning ochilish marosimida ishtirok etgan Prezidentimiz o‘z nutqida ta’kidlab o‘tganidek, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda YUNESKO faoliyatining asosini tashkil etuvchi yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan YUNESKOning global maqsadlariga erishish va ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida ilgari surilgan qator takliflardan biri – jamiyatda axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt texnologiyalari imkoniyatlaridan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Aytish joizki, mazkur yo‘nalishda “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ham tizimli ishlar olib borilmoqda va samarali natijalarga erishilmoqda. Bugungi kunda kompaniya faoliyatida axborot-kommunikatsiya sohasida innovatsion yechimlarni tatbiq etish orqali xizmatlar samaradorligini oshirishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda.
Jumladan, sun’iy intellekt asosida chat-botlar va intellektual yordamchilar joriy qilinib, mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayoni avtomatlashtirilmoqda. Shu bilan birga, tarmoq faoliyatini tahlil qilish va prognozlash, nosozliklarni aniqlash, trafikni optimallashtirish kabi vazifalar sun’iy intellekt orqali amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, Big Data tahlili orqali abonentlar ehtiyojlarini aniqlash va yangi raqamli xizmatlarni ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya xodimlarining malakasini oshirish hamda sun’iy intellekt sohasida mahalliy mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi qadamlar tashlanmoqda.
Shuningdek, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-358-son qarorda belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlashda “O‘zbektelekom” AK ham faol ishtirok etmoqda.
Joriy yilning 21 oktyabr kuni Prezidentimiz rahbarligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tilganidek, “O‘zbektelekom” AK tomonidan o‘tgan sakkiz yil davomida mamlakatimiz bo‘ylab 300 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi, aholi punktlarining 99 foizi mobil aloqa bilan qamrab olindi. Katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash uchun yangi data-markazlar ishga tushirildi.
Sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan va hozirga qadar qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, hamda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida davlatimiz rahbari tomonidan axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlarini kengaytirish borasida ilgari surilgan takliflar zamiridagi vazifalar “O‘zbektelekom” AK faoliyatida ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Xulosa qilib aytganda, maqsadlar aniq – raqamli transformatsiyani chuqurlashtirish, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish va sun’iy intellekt ekotizimini shakllantirish davr talabi, faoliyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada erishilgan natijalar esa jamiyat rivoji, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Timur Mamadjanov,
“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati rahbari