Munosabat
Shu yil 31 avgustdan 2 sentyabrgacha Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tgan Shanhay Hamkorlik Tashkilotining sammiti yakunida qabul qilingan Tyanszin deklaratsiyasi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, ayniqsa, 2025-2030 yillarda mintaqaviy savdo hajmini 30 foizga oshirish maqsadini ilgari surdi.
Shuningdek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun 500 million dollarlik qo‘shma investitsiya fondi tashkil etish uchun kelishuvga erishildi. Iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash doirasida esa yillik 10 million kub metr suvni tejashga yo‘naltirilgan loyiha boshlanishi rejalashtirilmoqda. Bu o‘z navbatida Namangan davlat texnika universitetida o‘qitilayotgan suv resurslari va ekologiya fanlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash imkoniyatlarini beradi.

Tashrif davomidagi kelishuvlar orasida yuqori texnologiyali mutaxassislar tayyorlash uchun 2025-2027-yillarda ikki mamlakat o‘rtasida 15 ta qo‘shma ilmiy loyiha amalga oshirilishi belgilandi. Bu, ayniqsa, universitetimizning axborot kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va muhandislik yo‘nalishlaridagi talabalari uchun xalqaro tajriba almashish va amaliy loyihalarda qatnashish uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi.
Ta’kidlash joiz, Namangan davlat texnika universitetining tayanch doktoranti Elyorbek Boqiyev Xitoy qishloq xo‘jaligi universitetiga 10 oylik stajirovkaga yuborilishi respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining buyrug‘iga asoslanib, mazkur kelishuvlarning amaliy natijasi sifatida qaralmoqda. Xususan, stajirovka davomida yosh doktorantimiz agrar sohadagi sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha uchta ilmiy maqola tayyorlash rejasini bajarishi kutilmoqda.

SHHT doirasidagi 500 million dollarlik investitsiya fondi va 15 ta qo‘shma loyiha Namangan davlat texnika universiteti talabalariga zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash va global miqyosda bilim olish imkoniyatini beradi. Prezidentimizning xalqaro sahnadagi faol ishtiroki orqali ochilgan bu imkoniyatlar oliygohimizni ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar sohasida yetakchi muassasalardan biriga aylanishga xizmat qiladi.
Diyorbek Soataliyev,
Namangan davlat texnika universiteti yoshlar yetakchisi.
O‘zA.