Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashabbuslar biznes muhiti jozibadorligini oshirish, aholini ish bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda
18:22 / 2022-08-29

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan.

So‘nggi besh yilda bu sohani rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularga asosan 114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi, 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga o‘tkazildi. Ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilib, muddatlari o‘rtacha 2 baravarga qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha ko‘plab cheklovlarga barham berildi. Bunday qulaylik va imkoniyatlar natijasida yangi sub’ektlar keskin ko‘payib, avvaldan ishlayotganlari faoliyatini kengaytirmoqda. Oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni qariyb 3 baravar oshdi.

Ko‘p ishbilarmonlar o‘z biznesini mamlakat miqyosida kengaytirib, minglab ish o‘rinlari yaratib, nufuzli yirik kompaniyalarga aylandi. Tadbirkorga hozirgidek qulay sharoit hech qachon yaratilmagan. Avvallari tadbirkor, ishbilarmon deb og‘iz ko‘pirtirilardiyu, ammo ular yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmasdi. Katta daromad topgan ishbilarmonning boshi tekshiruvdan chiqmasdi. Endi davlatimiz rahbari tadbirkorlarni ko‘makchim, deb atamoqda, ularga biznesini kengaytirish uchun imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda.

Masalan, so‘nggi to‘rt yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi. Yaqingacha Pensiya, Maktab va Yo‘l jamg‘armalariga biznes uchun og‘ir yuk bo‘lgan 3,2 foizli yig‘imlar to‘lanar edi. Ushbu yig‘imlar korxonalarning foydasidan qat’i nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori kor- xonalarning kamida 25-30 foiz foydasiga teng edi. Mol-mulk, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobarga kamaytirildi.

Yaqin o‘tmishda tadbirkorlik yurtdoshlarimiz uchun uddalab bo‘lmas mashaqqat bo‘lib tuyulardi. Sababi, boj to‘lovlari qimmatligi, yer, xomashyo olish, korxona ochishdagi qator to‘siqlar, litsenziyalar, ruxsatnomalar, bir amallab biznesni yo‘lga qo‘yib olganda ham, tekshiruvchilar, nazoratchilar tadbirkorlarning hafsalasini pir qilardi. Nihoyat, tadbirkorlar, biznes boshlashga ishtiyoqmandlar uchun yaxshi, adolatli zamon keldi. Keyingi olti yil mobaynida olib borilgan tub islohotlar tufayli mamlakatimizda ishbilarmonlik muhiti oy sayin, kun sayin yaxshilanib bordi. Tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lish davlat siyosatiga xiyonat, deb qabul qilindi. Asossiz tekshiruvlarga chek qo‘yildi, eksportyorlar rag‘batlantirildi, ishbilarmonlik tashabbuslari to‘liq qo‘llab-quvvatlandi. 2020-2021 yillarda tadbirkorlik sub’ektlariga 2016 yilga nisbatan 4-5 barobar ko‘p mablag‘ ajratilgani ham sohaga davlat rahbari darajasida juda jiddiy e’tibor qaratilganini ko‘rsatadi.

Prezidentimizning o‘tgan yili tadbirkorlar bilan uchrashuvida «Biz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan tadbirkorlarimizni o‘z ishiga fidoyi va jonkuyar, vatanparvar insonlar deb bilamiz va ularni qadrlaymiz. Ayniqsa, murakkab pandemiya davridagi sinov va qiyinchiliklar paytida ham xalqimizga madadkor bo‘lib, o‘z biznesini nafaqat saqlab qolgan, balki yangi ish o‘rinlarini yaratib, muhtojlarga ko‘mak berayotgan hamda ishlab chiqarish va eksportni oshirgan tadbirkor do‘stlarimga bugun chin qalbimdan rahmatlar aytaman», deya bizni o‘ziga yaqin olgani barchamizga mamnunlik bag‘ishladi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, endi tadbirkorlarga kreditlarni milliy valyuta — so‘mda va biznes vakillari uchun maqbul foizda berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, xorijiy valyutada olingan oldingi kreditlar tadbirkor va tijorat banklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan, milliy valyutaga o‘tkazilishi biz, tadbirkorlar uchun katta imkoniyat. Bundan tashqari, endilikda kreditni rasmiylashtirishdan tortib mahsulotni olish-sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar elektron tarzda onlayn hal etilishi ishbilarmonlarni ovorayu sarson bo‘lib, behuda vaqt yo‘qotishlariga chek qo‘yadi.

Yana bir quvontiradigan jihat shu bo‘ldiki, korxonalarning hozir egalik qilish, foydalanish va ijara huquqi asosida egallab turgan yer maydonlari mulk qilib rasmiylashtirib berilmoqda. O‘ylaymanki, tadbirkorlar uchun berilayotgan imtiyozlar ishimiz yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Xullas, O‘zbekistonda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga yanada keng yo‘l ochib berishning yangi, misli ko‘rilmagan bosqichi boshlangan.

Soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirish masalalariga ham e’tibor qaratilyapti. Birgina pandemiya davrida mamlakatimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirilib, ko‘proq zarar ko‘rgan tarmoqlarga ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizgacha pasaytirildi. Mol-mulk va yer soliqlari to‘lovlaridan butkul voz kechildi. Respublikamizda milliy sertifikat olish talabi mavjudligi tufayli tadbirkorlar vaqtdan ham, mablag‘dan ham yutqazib kelayotgan edi. Prezidentimiz xorijda sertifikat berilgan asbob-uskuna va xomashyolarga milliy sertifikat olish amaliyotini bekor qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Ishbilarmon elektrsiz bir kun ham ishlolmaydi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan to‘liq xususiy investitsiyalar hisobiga umumiy quvvati 1 ming 800 megavatt bo‘lgan 8 ta issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu ko‘p yillardan buyon tadbir- korlarni o‘ylantirib kelayotgan masalalar ijobiy hal etilmoqda, deganidir.

Prezidentimizning o‘tgan yili tadbirkorlar bilan uchrashuvida bunday muloqotlarni an’anaga aylantirib, har yili tashkil etish, 20 avgustni mamlakatimizda «Tadbirkorlar kuni» deb e’lon qilish taklifi ilgari surildi va bu taklif yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi.

Shu jihatdan uchrashuvda ilgari surilgan barcha tashabbuslar soha rivojiga, tadbirkorga ishonch va shijoat bag‘ishlashga, mamlakatimizning biznes muhiti jozibadorligini oshirishga, eng muhimi, aholini ish bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda, deb baralla ayta olamiz. Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotga kirishganligi, eng avvalo, biznes vakillarida, balki shu sohaga qo‘l urish istagida bo‘lgan fuqarolarimizda o‘ziga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.

Suhrob SAIFNAZAROV, xalq deputatlari 

Toshkent shahar Kengashi deputati