Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tashabbus va loyihalar bor. Hamma gap ularni amalga oshirishda
12:47 / 2021-07-30

Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi tadbirkorlar maslahat jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning iyun oyida viloyat hokimi va bir guruh tadbirkorlar tashabbusi bilan 32 nafar yetakchi ishbilarmonlardan iborat tarkibda tashkil etilgan mazkur kengash o‘z oldiga Samarqandda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, viloyatga ko‘proq investitsiya jalb qilish, ishbilarmonlarni qiynayotgan masalalarga yechim topish kabi maqsadlarni qo‘ygan.

– Bundan bir oy oldin o‘tkazilgan dastlabki ta’sis yig‘ilishida tadbirkorlarimiz tomonidan ikkita taklif bildirilgan edi, – deydi tadbirkorlar maslahat jamoatchilik kengashi raisi Haydar O‘roqov. – Ya’ni, trikotaj uchun hozirda chetdan keltirilayotgan furnitura mahsulotlarini mahalliy korxonalarda ishlab chiqarish va qishloq joylarida ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun zarur infratuzilma yaratish bilan bog‘liq edi. Ushbu takliflar o‘rganib chiqilib, ayni payda ularni amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu ushbu kengashni tashkil etib to‘g‘ri yo‘l tutganimizning tasdig‘idir. Kelishganimizdek endi har oyda uchrashib, o‘z taklif va tashabbuslarimizni bildiramiz, yuzaga kelayotgan muammolarga birgalikda yechim topamiz. Har birimizning vaqtimiz qadrli, shuning uchun marhamat, o‘zaro fikr almashib, takliflarimizni bildirsak.

Yig‘ilishda kengash a’zolari eksportbop, yangi turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish, hududlarni ma’lum bir qishloq xo‘jalik ekinlari parvarishlashga ixtisoslashtirish, zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish va ularni ishlata oladigan mutaxassislarni tayyorlash, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan o‘z taklif va tashabbuslarini aytdi.

Shavkat Sharipov, “Sharq sanoat” konserni ta’sischisi:

– Biz o‘tgan yil Kattaqo‘rg‘onda eksportbop qulupnay yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik, bu ishni shu hudud odamlari bajardi. Ular bu ishning hadisini oldi. Bu aholi uchun ham, biz uchun ham manfaatli bo‘ldi. Endi viloyatning boshqa hududlarida, masalan, Jomboyda malina yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Buning uchun Serbiyadan mutaxassis olib kelganmiz va u hozir joylarni o‘rganmoqda.

Bugun qishloqlarimizda aholi bandligini ta’minlash dolzarb masala bo‘lib turibdi. Shuning uchun korxonalarimizni faqat shahar yoki tuman markazlarida emas, olis qishloqlarda ham tashkil etishimiz kerak. O‘zimizning misolimizda aytsam, bugungi kunda Ishtixon, Oqdaryo tumanlarida ochilgan tekstil korxonalarimiz samarali ishlayapti. Bu yil shunday korxonani Qo‘shrabot tumanida tashkil etmoqchimiz va unda 500 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.  

Jamshid Haydarov, viloyat hokimining sanoat bo‘yicha o‘rinbosari, “Urgut” EIZ direksiyasi rahbari:

– Hozir ko‘p korxonalarda xorijdan keltirilgan texnologiyalardan foydalanamiz. Ularda biror nosozlik yuzaga kelsa, ish to‘xtab qoladi. Sababi bu uskunalarning asosiy ehtiyot qismlari o‘zimizda yo‘q, xorijdan keltiramiz. Shuning uchun bunday ehtiyot qismlarni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak.

E’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan yana bir masala – o‘rta biznesni rivojlantirish. Biz yaqinda ushbu masala bo‘yicha xorijga borib tajriba o‘rganib keldik. Bir qator taklif va loyihalar ishlab chiqyapmiz va uni birgalikda amalga oshiramiz. Shuningdek, bu borada tajriba almashish uchun bir guruh tadbirkorlarimiz bilan xorijga ishchi safari uyushtirish rejamiz bor.

Kamol Abdullayev, “Sam Antep Gilam” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi:

– bugungi kunda har birimizning ishongan, suyanadigan yaxshi mutaxassislarimiz bor. Ular zamonaviy fikrlaydi, ichki va jahon bozoridagi vaziyatdan yaxshi xabardor va qaysi biznesni, tadbirkorlik faoliyatini qachon amalga oshirish hamda bu ijobiy natija berishini yaxshi biladi. Kengash qoshida ana shunday mutaxassislardan iborat guruh tashkil etib, yangi loyihalar ishlab chiqishimiz, ularni birgalikda amalga oshirishimiz yoki yosh tadbirkorlarni bu ishga jalb qilishimiz zarur, deb hisoblayman.  

Zafar To‘rayev, “BigStoryBuilding” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi:

– Bugun aholi salomatligini muhofaza qilish, xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turibdi. Davlatimiz ushbu soha uchun juda katta mablag‘ yo‘naltirmoqda. Lekin biz ham bu ishga hissa qo‘shsak yaxshi bo‘lardi. Agar davlat tomonidan imtiyozli kredit ajratib berilsa bizning korxonamiz viloyatimizning tibbiy xizmat darajasi past bo‘lgan qishloqlarida zamonaviy tibbiyot muassasalari qurib, jihozlab berishga va bu maskanlarni davlat ixtiyoriga o‘tkazib berishga tayyormiz. Kreditni keyin o‘zimiz yopaveramiz.  

Bundan tashqari, kengash qoshida jamg‘arma tashkil etib, har birimiz mablag‘ jalb etsak buning hisobidan yangi ish boshlayotgan tadbirkorlarga ko‘maklashish, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatimiz kengayadi.

Shuningdek, yig‘ilishda “Samarqand konserva” qo‘shma korxonasi rahbari Fayzulla Ziyoyev, “Kumush tola” xususiy korxonasi rahbari Maryam Niyozova maktablar bitiruvchilariga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish va ularning bandligini ta’minlash, “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi ta’sischisi Majidxon Islomov mahallalarda ishlab chiqarish kooperativlari tashkil etish yuzasidan o‘z takliflarini bayon etdi. Boshqa tadbirkorlarning ham tashabbuslari eshitilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

– Sohaning ichida yurgan odamga hamma narsa ayon, mana qancha tashabbus va takliflar aytilmoqda, – dedi yig‘ilishda ishtirok etgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. – Endi gap ularni amalga oshirishda. Hokimliklar va boshqa davlat organlari tomonidan qanday ko‘mak, sharoit zarur bo‘lsa, biz yaratib berishga tayyormiz. Keyingi uchrashuvlarimizda, agar taklif bersangiz, hududlar hokimlarini, tegishli sohalar rahbarlarini ham chaqirib, masalalarni birgalikda muhokama etamiz. Maqsadimiz bir – viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratish.

Kezi kelganda bir tahlilga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatimizda davlat ro‘yxatidan o‘tgan mebel, qog‘oz va qog‘oz mahsulotlari, polimer va plastmassa, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan 2104 korxonadan 555 tasi faoliyat ko‘rsatmayapti. 63 tasi tugatilish jarayonida.

Nima uchun bunday holat yuzaga kelmoqda? Tadbirkor katta sarmoya evaziga keltirgan texnologiyasini nega ishlatolmayapti? Nega investitsiya dasturlarida belgilangan ishlar to‘liq amalga oshirilmadi?

Shu kabi savollar barcha tadbirkorlarimizni o‘ylantirishi, bunga birgalikda yechim topishimiz lozim.

Kengash yig‘ilishida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

[gallery-3244]

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA