Namangan viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus-2021” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan mazkur an’anaviy tanlov joriy yilda boshqacha tarzda tashkil etildi. Karantin talablaridan kelib chiqqan holda tanlovning tuman (shahar) bosqichlari odatdagidan farqli ravishda, ya’ni tanlovda qatnashish istagida bo‘lgan 700 dan ortiq talabgor tomonidan, yagona elektron platforma orqali hujjatlar taqdim qilingan. Mazkur hujjatlar Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 26 maydagi farmoyishiga asosan tanlab olinib, viloyat bosqichiga tavsiya qilindi.
– Davlatobod tumani hududidagi “Do‘stlik” tennis kortida bo‘lib o‘tgan viloyat bosqichida 63 nafar tadbirkor, fermer va hunarmand o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlari va xizmat turlarini o‘zida jamlagan ko‘rgazmalari bilan ishtirok etdi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Qobiljon Jamolov. – Turli vazirlik va qo‘mitalarning hududiy boshqarmalari mas’ullari va jamoatchilik vakillaridan iborat hakamlar hay’ati tanlov ishtirokchilari orasidan g‘oliblarni saralashda tadbirkorlik sub’ektlarining iqtisodiy ko‘rsatkichlari, ishlab chiqarish samaradorligi, eksport salohiyati, yaratilgan ish o‘rinlarining ko‘lami, xizmat turlari ommabopligi kabi mezonlarga alohida e’tibor qaratdi.
[gallery-2757]
Yakuniy xulosalarga ko‘ra, “Tashabbus-2021” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori” – Namangan tumanidagi “Merrymed farm” MCHJ rahbari Nozimjon Azizov, “Xizmat ko‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori” – Davlatobod tumanidagi “Namangan-Istiqlol bog‘i” MCHJ rahbari Hikmatjon Ahmadjonov, “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” – Namangan shahridagi “Namangan porloq ta’mirlash servis” MCHJ rahbari Javohir Yoqubjonov, “Yilning eng yaxshi fermeri” – To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Karimov Yoqubjon saxovati” fermer xo‘jaligi rahbari Yulduzoy Karimova, “Yilning eng yaxshi hunarmandi” – Namangan shahridagi hunarmand Hakim Tojiboyev? g‘olib deb topildi.
G‘oliblar tanlovning 14-15 iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan yakuniy bosqichda ishtirok etadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (O‘zA)